Skip to main content

Zilzila, “eski” Toshkent va modernizm: Toshkent arxitekturasi tarixiga qisqa nazar

tarix
28.05.2024

Oxirgi yillarda Toshkent ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda. Poytaxtimiz Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiy rivojlanish markazlaridan biriga aylanmoqda, bu esa “eski” Toshkentning asta-sekin o‘tmish sari siljishi va faqat xotiralarda qolishini anglatadi. Biroq, shahar o‘zgarishi anchayin og‘ir kechmoqda — shaharliklar tarixiy inshootlarning buzilib ketishi va asrlar osha yashab kelgan daraxtlarning kesilishidan ta’sirlanib, bunga juda keskin munosabat bildirishmoqda.

Shunday qilib, so‘nggi yillarda aholi umumshahar muammolarini hal qilishga jon-jahdi bilan kirishmoqda. Masalan, 3 000 dan ortiq shaharliklar o‘z imzolari bilan “Kosmonavtlar” bulvarini daraxtlar kesilishidan va shu joyda “O‘zbekiston” stelasi qurilishidan saqlab qolishdi. Yoki yaqinda “Do‘stlik” parki masalasida erishilgan muvaffaqiyatni olaylik. Bu jarayon hali barqaror tendensiyaga aylanganicha yo‘q —  “xalq ovozi”ga quloq tutish kerakmi yoki yo‘q, rasmiylar hali hanuz har bir alohida holatda o‘zlari mustaqil ravishda qaror qabul qilishmoqda.

Eng achinarlisi shundaki, mamlakatimiz arxitektorlarining bu jarayonga deyarli hech qanday daxli yo‘q. Arxitektorlar uyushmasi ta’sir kuchiga ega emas, alohida birlashmalar va mutaxassislardan esa fikr so‘ralmaydi. Dadil qadamlar ila Toshkent xaritasiga yangi ko‘chalar chizilib, tarixiy inshootlar yo‘q qilinmoqda, ularning o‘rnida esa ko‘p qavatli shisha binolar qad rostlamoqda. Yana bir muammo – poytaxt umumiy rejasi (genplani)ning yo‘qligi, buning natijasida esa, ko‘rib turganingizdek, har yerda nuqtali qurilishlar. Shu asnoda, tobora shaharning madaniy qatlami yo‘qolib, yangi tarix yaratilmoqda.

Doim shunday bo‘lib kelganmi?

Toshkentning bu kabi o‘zgarishlari yangilik emas, o‘tmishda shahar bir necha bor o‘z qiyofasini o‘zgartirgan. Siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega Toshkentda, shahrimiz boy tarixga ega bo‘lishiga qaramay, kamdan-kam qadimiy binolar saqlanib qolgan, mavjudlari esa barmoq bilan sanarli?

O‘rta asrlarga oid manbalarga ko‘ra, X-XI asrlarda Toshkent arka-qal’a, Shahriston va ikki shaharchadan iborat bo‘lgan. Eski Jo‘va — “qadimiy arsenal” deb atalgan qal’a hozirgi Zarqaynar va Sag‘bon ko‘chalarining kesishgan joyida joylashgan bo‘lgan. XV-XVII asrlarda shunga o‘xshash inshoot — O‘rda (Eskio‘rda) Beshyog‘och dahasiga ko‘chirilgan. U Qoratosh massivi atrofida, sobiq GUM va “Xalqlar do‘stligi” metro stansiyasi orasida joylashgan bo‘lgan. Ushbu o‘rda (qal’a) haqida “Qoratosh hammomi” deb atalmish hammom qoldiqlari batafsil so‘zlaydi.

XIX asr boshlariga kelib, shahar topografiyasidan bu bo‘linishlar yo‘qolib ketgan, shahar Qo‘qon xonlariga bo‘ysundirilgandan keyin qal’a vayron qilingan. Qo‘qon hukmdorlari Anhorning chap sohilida yangi shahar qal’asini — o‘rdani qurishgan. Bu qal’a bir asr ham turmagan, chunki uni va uning devorlarini Rossiya imperiyasi hududni zabt etgach, darhol buzib tashlagan. Keyin esa Qo‘ymas darvozasi vayron qilingan joyda yangi qal’a qurishga kirishilgan, bu joy hozirgi I. Karimov muzeyi joylashgan hududdir. Sovet hokimiyati tashkil topgandan so‘ng, qal’a va uning yaqinidagi kazarmalar ham asta-sekin buzilib ketgan.

Biz har hokimiyat almashganda buzib tashlangan harbiy inshootlarni sanab o‘tdik. Ammo Eski shahar tumanlariga kelsak, ular yuz yillar davomida tor ko‘chalar va ichki ijtimoiy tuzilmalar mavjud bo‘lgan zich qurilmalarni saqlab qolgan. Bir qavatli loy uylar avlodlar osha qadimiy poydevorlar ustida ta’mirlanib kelgan. Maqbaralar va masjidlar bilan birga, mahallalar ham sobiq Sovet Ittifoqi davrida buzila boshlagan. Ularning o‘rnida yangi ko‘p qavatli kvartallar qad rostlagan. Toshkentning “yangi” markazidagi mustahkam, inqilobdan oldin, Rossiya imperiyasi davrida qurilgan binolar (skver maydoni va uning atrofidagi tumanlar) taqdiri qanday kechdi?

Hook — mustaqil OAV. Agar bizni qo‘llab-quvvatlashni istasangiz, 5614 6821 2313 9265 kartaga istalgan miqdorda pul o‘tkazing.

Xalqaro to‘lov tizimlari uchun esa Boosty va Patreon platformalarimiz bor — yaqinda bu yerda noyob kontentlarimizni taqdim etamiz, hozir esa siz kichik sarmoya bilan obuna bo‘lib, bizni quvontirishingiz mumkin.

“Zilzila” oqibatlari

1966-yilgi zilzila shahar arxitekturasining tashqi ko‘rinishida hal qiluvchi hodisa bo‘lgan, deb aytish mumkin. Toshkent to‘g‘risida ensiklopediyada (K. A. Zufarov, S. K. Ziyadullayev va boshqalar, O‘zbekiston Sovet Ensiklopediyasining Asosiy nashri, Toshkent-1983) yozilishicha, 1966-yildan keyin yo‘q bo‘lib ketgan ko‘plab yirik inqilobdan avval qurilgan binolar “zilzila natijasida vayron bo‘lgan”. Lekin nahot ushbu zilzila, haqiqatan ham, shu darajada dahshatli bo‘lgan bo‘lsa, “nikolayevsk” g‘ishtidan qurilgan mustahkam inshootlar shu darajada zarar ko‘rgan bo‘lsaki, ularni qayta tiklashning imkoni bo‘lmagan bo‘lsa?

Mahalliy nuroniylar so‘zlariga ko‘ra, zilzila ortidan yirik binolarning jiddiy vayron bo‘lishi kuzatilmagan. Arxitektor Rafael Xayrutdinovning (Markaziy Ko‘rgazma Zali, Kino Uyi va boshqalar muallifi; 1932–2015) rafiqasi Firuza Fatixovna eng ko‘p zarar ko‘rgan joylar Qashg‘ar tumanidagi xususiy bir qavatli loy uylar bo‘lganligini ta’kidlaydi.

Dina Rubina o‘zining “Ko‘chaning quyoshli tarafida” kitobida ushbu tumanda ba’zi odamlarning uy devorlari qulagani sababli, odamlar choyshablarni parda o‘rnida ilib, berkitib, ortida esa yarim vayron bo‘lgan uy-joylarda yashashga majbur bo‘lishganini tasvirlaydi. Ammo Qashg‘ardan tashqari boshqa uylar unchalik ko‘p zarar ko‘rmagan. Firuza Fatixovna eslashicha, u yashagan Shelkovichnaya ko‘chasida ayrim qo‘shni uylarining g‘ishtlari tushib ketgan, devorlar yoriq bilan qoplangan, eski zaif qurilmalarning tomlari esa qulashga kelib qolgan bo‘lgan. Lekin uylar o‘z o‘rnida qolgan bo‘lgan, kontrforslar bilan mustahkamlangan holda qayta tiklanishining ham imkoni bo‘lgan. “Karli-Marli”, Stalin, Kuybishev, Pushkin ko‘chalari va boshqa ko‘plab ko‘chalar bo‘ylab joylashgan mustahkam binolar haqida nima deyish mumkin?

Ushbu qiziq tafovutga — yozma manbalar bilan guvohlarning so‘zlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligiga — javob topish uchun Toshkent umumiy rejasi (genplani)ning yaratilishi tarixiga chuqurroq nazar tashlaymiz. Toshkentning ilk genplanini yaratish jarayoni Sovet davrida, 1937-yilda boshlangan bo‘lib, ushbu jarayon Moskva modern va konstruktivizm me’morchiligi bilan tanilgan me’mor A. I. Kuznetsov (1874–1954) tomonidan boshqarilgan.

Unga asoslangan holda, taxminan 30 yil o‘tib, Toshkentlik me’morlar shaharning yangi rejasini ishlab chiqishadi. Ushbu reja bo‘yicha bir qator mahallalar buzilib, markaziy ko‘chalar tubdan o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan. Firuza Fatixovna Xayrutdinova so‘zlariga ko‘ra, uning turmush o‘rtog‘i 1964–1965-yillarda Toshkentning yangi markazini loyihalash ishlarida ishtirok etgan. Bu loyihani Leon Adamov (1970-1986-yillarda Toshkentning bosh me’mori o‘rinbosari; 1929–2014) boshchiligidagi me’morlar guruhi boshqargan. Bundan ko‘rinib turibdiki, umumiy reja (genplan) zilzila sodir bo‘lgan paytda allaqachon tayyor, ishlab chiqilgan bo‘lgan, ushbu tabiiy ofat esa loyihani amalga oshirish uchun zarur turtki bo‘lgan, chunki aynan Adamov jamoasining loyihasi Butunittifoq tanlovida g‘olib chiqib, Toshkentni qayta qurishning asosiy rejasiga aylangan.

Rasmda: arxitektor R. A. Xayrutdinovning mehnat daftarchasi ko‘rsatilgan, bu daftarda Toshkent shahri markazini qayta qurish bo‘yicha eskiz loyihasini yakunlash to‘g‘risida yozuvlar mavjud, 1964–1965-yillar.

“Eski” Toshkentning yangicha qiyofasi

Arxitektor Valeriy Ganiyevning («Jasorat» yodgorlik majmuasi, «Xalqlar do‘stligi» muzeyi va boshqalarning muallifi) xotiralariga ko‘ra, ko‘pincha aytib o‘tiladigan vayronagarchiliklar aslida unchalik dahshatli bo‘lmagan. Ko‘plab tarixiy binolar texnika bilan buzilgan — mustahkam g‘ishtli uylar uchta portlashdan keyingina qulagan, texnika esa bu jarayonda “azob chekkan”. Qashg‘ar – haqiqatan ham katta zarar ko‘rgan hudud, toki “Jasorat” monumenti loyihasi ishga tushirilmaguncha, uzoq yillar davomida e’tiborsiz qoldirilgan. Ushbu yodgorlik o‘rnatilgan joy avval qurilish chiqindilari uchun axlatxona bo‘lgan.

Shunday ekan, nima uchun qadimiy mustahkam binolarni buzish kerak bo‘lib qoldi ekan? Arxitektorning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent zilzilasi «Xalqlar do‘stligi» dasturi doirasidagi aksiya uchun bir bahona bo‘lib xizmat qilgan. Bunga ko‘ra, zilzilaning oqibatlarini bartaraf etish rejasi bor bo‘lgan. Rejaga ko‘ra, ikki markaz birlashtirilib, ular atrofida S-hududlar barpo etilishi, har bir kelgan respublika uchun bir nechta kvartallar qurilish uchun ajratilishi kerak edi. Bu «barqaror rivojlanish maqsadlari sharoitida» ijtimoiy bir burilish edi, bundan maqsad – jahonga xalqlararo do‘stlikni ko‘rsatish edi. Vazifalar juda tez hal etildi, tashkilotchilik eng yuqori darajada edi, Sovet Respublikasi xalqlari chinakamiga birlashdilar, Toshkent o‘z ko‘rinishini tubdan o‘zgartirdi.

Rasmda: 1966-yilgi zilziladan keyingi Toshkent shahrining umumiy rejasi (genplani) maketi.

Sobiq Sovet Ittifoqi tarqalib ketgandan so‘ng, O‘zbekiston qolgan sobiq Sovet respublikalari kabi, qiyin davrlarni boshdan kechirdi. Vaqt o‘tishi bilan binolar va ko‘chalar eskirib, sovet me’morchiligi esa asta-sekinlik bilan inqirozga uchray boshladi. Sovet davriga nisbatan salbiy munosabat avj oldi, va bu birinchi navbatda arxitekturaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Bir vaqtlar betakror hisoblangan binolar endi odamlarga qari, g‘ishtdan qurilgan qo‘rqinchli binolar sifatida ko‘rina boshladi; shahar dekoratsiyalari modadan qolgan, sharqona uslub esa ma’naviy jihatdan eskirgan, deb qaraldi. Kvartiralarning faol xususiylashtirilishi natijasida har bir kishi o‘z kvartirasi derazalarini o‘z individual didiga moslashtirishga kirishdi, balkonlar yopildi, ko‘p qavatli uylarning tashqi ko‘rinishi asl loyiha g‘oyalaridan ancha uzoqlashib ketdi.

Toshkentda yana bir davr

Ma’muriy binolar haqida gapiradigan bo‘lsak, “Karimov davri” me’morchiligi “yuqoridan” qattiq nazorat ostida shakllantirilgan. Arxitektor Vil Muratov («Moviy gumbazlar» (“Голубые купола”) kafesi, «Rossiya» mehmonxonasi va boshqalar muallifi; 1933-yilda tug‘ilgan) 1990-2000-yillarda “butun mamlakat bo‘ylab bitta arxitektor” bo‘lganini eslaydi, bu bilan u O‘zbekistonning birinchi prezidentini nazarda tutgan. Sharof Rashidov davrida ijodkorlik va loyihalashtirish olqishlangan bo‘lsa, Islom Karimov davrida arxitektorlar ijodiy cheklovlarga duch kelganlar, ijodiyat / ijodkorlik deyarli to‘xtatilgan edi. Natijada, Toshkent yangi ko‘rinishga ega bo‘la boshladi — monumental saroy me’morchiligini eslatuvchi oq ustunlar, gumbazlar va alukobond bilan bezatilgan bir xildagi binolar poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab sovet inshootlarining shafqatsiz buzilishi ortidan ko‘tarila boshladi. Yangi davr boshlandi, hamma eski narsalar o‘z qiymatini yo‘qotdi.

“Karimov uslubi” birinchi prezident vafotigacha yangi binolarni loyihalashda faol ishlatilib kelindi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, me’morchilik bilan bog‘liq vaziyat boshqa tomonga o‘zgara boshladi. O‘zbekistonda ro‘y bergan “eruvgarchilik” iqtisodiy rivojlanishni cheklovchi ko‘plab omillarni olib tashladi. Valyutaning ochiq konvertatsiyasi, xorijiy investorlarni jalb qilish, viloyat aholisi uchun erkin ro‘yxatga turish (propiska) va boshqa omillar poytaxt aholisining keskin o‘sishiga va moliyaviy holatining yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Bularning barchasi shahar me’morchilik qiyofasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymadi.

Hozirda Toshkentning “qayta yangilanish” jarayoni faol davom etmoqda, yangi yo‘l arteriyalari, ko‘priklar qurilmoqda, transport qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda, ular bo‘ylab quruvchilar qisqa muddatlarda turar joy kvartallari, savdo markazlari va biznes-markazlarini qurmoqdalar. Biroq, hali ham jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq bo‘lgan shaharning yangi umumiy rejasi (genplani) yo‘q. Nuqtali qurilishlar uslublar xaosiga, reklama bannerlari esa vizual shovqinga olib keldi, ekologiya esa hali o‘n yil ham bo‘lmasdan shu darajada yomonlashib ketdiki, Toshkent dunyodagi eng ifloslangan shaharlardan biriga aylanishga ulgurdi. 2009-yilda skver maydonidagi yuz yillik daraxtlar kesilishi ilk fojiaviy holat edi, uning ketidan shahar bo‘ylab minglab daraxtlar shu taqdirga duchor bo‘ldi. Soya ilinjida salqin trotuarlar va shildiragan ariqlar topish tobora qiyinlashib ketdi, odamlar piyoda yurishdan voz kechib, avtomobillarni afzal ko‘rishmoqda. Toshkent qisqa muddat ichida kengayib, qurilib, tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi va o‘zgarishda davom etmoqda.

Endi yangi qurilishlar orasida vaqti-vaqti bilan ko‘zga tashlanib turuvchi Sovet davridagi binolarning taqdiri qanday kechgan? Yaqinda ham avvalgi me’morchilik aholi uchun ma’naviy jihatdan eskirgan deb qaralib, uni buzish yoki tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirish amaliyotlari keng tarqalgan edi. Keng jamoatchilik orasida bu binolarga qiziqish nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ehtimol, bu ko‘proq Rossiyadan Toshkentga ko‘chib kelgan insonlar yoki avvalroq tilga olingan fuqarolarning faolligi natijasidadir.

Misol tariqasida, “Tashkent Modernism” loyihasi Sovet me’morchiligini Toshkent aholisi uchun g‘ayrioddiy tarzda namoyish etdi. Madaniyatni rivojlantirish fondi esa Sovet davridagi binolar oddiy kulrang qutilar emas, balki sharq me’morchiligi va konstruktivizmning noyob sintezi ekanligini aniqladi. Sovet Toshkent arxitektorlari binolarni bizning iqlimimizga mos ravishda loyihalashtirgan, sharqiy me’morlardan ilhom olishgan, shu bilan birga, o‘sha vaqtdagi me’yoriy loyihalash talab va rejimiga amal qilishgan.

Odamlar “Toshkent modernizmi” yoki “seysmik” modernizm, mozaykalar va relyeflar, quyoshdan himoya qiluvchi va havo almashtirish uchun terrasalar, dunyoda boshqa hech qayerda topilmaydigan rejalashtirish shakllari haqida gapira boshlashdi. Bunday qiziqishni ko‘rib, albatta, ko‘zlar quvonadi, chunki endilikda me’moriy yodgorliklarni muhofaza qilishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Umid qilamizki, hozirgi avlod bizga ajdodlardan meros qolgan narsalarni saqlab qoladi va Toshkent, nihoyat, o‘zining vizual tarixiy kodini asta-sekinlik bilan qayta topa boshlaydi.

BULARNING BARCHASINI KIM AMALGA OSHIRDI:

Rushena Seminogova — barcha ma’lumotlarni tahlil qildi va yozib chiqdi.

Darina Solod — matnni tahrirladi.

Yana Modelova — barchasini chiroyli tarzda bezadi.

Lenochka — matnni qayta tekshirib chiqdi

Gulasal Said — tarjima qilgan

Hook — mustaqil OAV. Agar bizni qo‘llab-quvvatlashni istasangiz, 5614 6821 2313 9265 kartaga istalgan miqdorda pul o‘tkazing.

Xalqaro to‘lov tizimlari uchun esa Boosty va Patreon platformalarimiz bor — yaqinda bu yerda noyob kontentlarimizni taqdim etamiz, hozir esa siz kichik sarmoya bilan obuna bo‘lib, bizni quvontirishingiz mumkin.