Norozilik ayollarga xos: o‘zbekiston ayollari oʻz fuqarolik huquqlarini qanday himoya qilishmoqda
O‘zbekistonda, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari kabi, ayollar tez-tez ijtimoiy harakatlarning boshida turishadi va ommaviy norozilik namoyishlari tashabbuskorlari sanalishadi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi bunday namoyishlarning misollarini ko‘rib chiqamiz va psixolog bilan ayollar nega tez-tez norozilik namoyishlarida faol ishtirok etishlari va muammolarni ochiqroq gapirishlarini muhokama qilib koʻramiz.
Inglizcha «The protest has a female face» yoki ruscha «У протеста женское лицо» (ya’ni “Qayerda norozilik namoyishlari boʻlmasin, oʻsha yerda ayollar” yoki “norozilik ayollarga xos”) – bu shunchaki ibora emas, balki nafaqat O‘zbekistonda, butun dunyoda ham ayollar ijtimoiy harakatlar va namoyishlarning asosiy ishtirokchilari bo‘lib borayotganligining aksidir. Ular o‘z huquqlari uchun emas, balki ijtimoiy adolat, ekologiya va jamiyat boyliklarini himoya qilish uchun ham kurashmoqdalar.
Tabiatni muhofaza qilish masalalari
BMTning 2021-yildagi hisobotida ayollar tabiatni muhofaza qilish va atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashishda yetakchi rol o‘ynashi ta’kidlangan. Bu tendensiya O‘zbekistonni ham chetlab oʻtmagan: bloger Moʻtabar Xushvaqtova ayollar ekofaolligining yorqin misolidir.
Keling, O‘zbekiston ayollari toza havoni va bog‘ (park)larni qanday himoya qilganliklariga misollar ko‘rib chiqamiz.
“Moviy gumbazlar” parkini saqlab qolish uchun imzolar
2021-yil fevralida Toshkent hokimiyati poytaxtning eng yashil maydonlaridan biri boʻlmish “Kosmonavtlar” metro stansiyasi va SUM o‘rtasidagi hududni qayta qurishni rejalashtirdi. Hokimiyatdagilar yashil zonaning qayta qurilishi loyihasi fuqarolar tomonidan qay darajada norozilik keltirib chiqarishi mumkinligini tasavvur qilishmagan edi – bir necha kun ichida maydon yaqinidagi uylarning aholisi, OAV va blogerlar daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha kampaniyani boshlab yuborishdi.
Parkni himoya qilishda asosiy himoyachilar ayollar – ya’ni oʻz farzandlari bilan bulvarda tez-tez sayr qiladigan onalar va buvilar edi. Ular juda koʻp imzolarni to‘plashga kirishishdi – bir necha kun ichida faollar va befarq bo‘lmagan fuqarolar 6000 dan ortiq imzolarni yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi, bu bilan esa jamiyat ogʻriqli masala atrofida birlasha olishini koʻrsatib berishdi.
Shahar hokimiyati qaroriga qarshi tinch norozilik harakatlari park hududini saqlab qolish bilan yakunlandi. Hokimiyat parkni qayta qurishning dastlabki loyihasidan voz kechdi, va ko‘ngillilar parkni saqlab qolish to‘g‘risida oʻzlarining hujjatlarini tayyorladilar.
Bobur parkining saqlab qolinishi
Yashil zonalar bilan bog‘liq so‘nggi olamshumul voqea – Shota Rustaveli ko‘chasidagi Bobur parkining qayta qurilishi loyihasi boʻldi. Oʻtgan galgidek, shahar hokimiyati, aholi bilan maslahatlashmasdan, park hududini O‘zbekiston-Singapur korxonasi BMP Smart Decision Managementga taxminan 50 yilga ijaraga berib yuborgan boʻlgan.
Yana jamoatchilik va ayollar oʻzlarining toza havodan nafas olish huquqlarini himoya qilishlariga toʻgʻri keldi. Voqeaning asosiy qahramoni park direktori Iroda Yusupova bo‘ldi. U rekonstruksiya (qaytadan qurish) mahalliy aholining nazorati ostida va o‘zining rahbarligida olib borilishini va’da qildi.
Uy-joy huquqi
Parklar va daraxtlarni himoya qilish bilan bir qatorda, ayollar uy-joy huquqini ham himoya qilishmoqda — uy-joylarni himoya qilish jamoalari va guruhlari ham ayollar tomonidan boshqariladi. Masalan, “Toshkent-SNOS” Facebook guruhining administratori Farida Sharif noqonuniy “snos” yoki hududlarda noqonuniy qurilish ishlari masalalariga tez-tez e’tibor qaratib turadi.
2020-yilda Namanganda bir ayol uyidan quvib chiqarilishga qarshi norozilik sifatida o‘zini yoqib yuborgan — u onasi bilan birga firibgarlarning qurboni bo‘lib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan uyda yashab kelgan. Namangan viloyati prokuraturasi o‘z joniga qasd qilishga undash bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atgan va Namangan shahar MIBning davlat ijrochisi va Namangan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining profilaktika inspektorlari harakatlarini tekshirish uchun xizmat tekshiruvini tayinlagan.
Dilorom Rozikova hikoyasi
2018-yilda Samarqandda tarixiy hududda ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan edi. Hokimiyatdagi poraxoʻrlik holatlari va noqonuniy “snos” hamda uylardan ommaviy chiqarilish “Tinchlik” mahallasida katta mojaroga sabab bo‘ldi.
Mahallada yashovchi Dilorom Rozikova voqeaning asosiy qahramoni bo‘ldi. Quruvchilar Dilorom va uning qo‘shnilarini uylaridan chiqarib yuborib, mahallada yangi binoni qurishga urinishdi. Voqea hatto viloyat hokimigacha yetib bordi. Dilorom sudga daʼvo arizasini ham kiritdi, ammo yutqazdi. Natijada esa, u va uning oilasi majburan oʻz uylaridan chiqarib yuborildi, ammo ushbu noqonuniy ishga nisbatan norozilik harakati eng olamshumul holatlardan biriga aylandi.
2020-yilda Dilorom Rozikova Majburiy ijro byurosi xodimlariga qarata yonayotgan sochiqni uloqtirib, ularga benzin quyib yubordi. Sud Rozikovani Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajaruvchi shaxsga qarshilik ko‘rsatish) boʻyicha aybdor deb topib, unga 1 yil 7 oy 9 kun ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Norozilik bildiradiganlar koʻproq ayollarmi?
Ayollarning norozilik namoyishlarida faol ishtirokini bir necha sabablar bilan izohlash mumkin, jumladan:
• Tarixan tengsizlik: uzoq vaqt davomida ayollar ijtimoiy huquqlarda to‘liq yoki qisman cheklanib kelgan
• Hamdardlik va achinish: ayollar oʻzgalar muammolariga achinishga moyilroq
• OAVning e’tibori: ayollarning norozilik namoyishlarida faol ishtiroki OAV e’tiborini tortadi
LIANA NATROSHVILI
psixolog
“Men ayollar jamiyat va davlatni o‘zgartirishda asosiy rol o‘ynaydi, demagan boʻlardim. Bu faoliyat ko‘p miqdorda salbiy ma’lumot, kuch va vaqt sarflanishi hamda ojizlik hissi bilan bog‘liq, chunki juda ko‘p harakat qilganingda ham, ba’zida yordam berish yoki biror narsani o‘zgartirish imkonsiz bo‘lib qoladi. Ko‘plab faollar depressiya, siqilish va boshqa muammolarga duch kelishadi.
Avvalambor, namoyishlarga chiqishdan qo‘rqish shaxsiy xavfsizlik va oilasining xavfsizligidan xavotirlanish, mamlakat qonunlarini buzishni istamaslik va miyamizga singib ketgan “qoʻlimizdan hech narsa kelmaslik” tushunchasidan kelib chiqadi. Ko‘pchilikka bularning hammasi befoydadek tuyuladi. Bu qo‘rquv va his-tuyg‘ular ko‘p jihatdan asosli hamda haqiqatga yaqinroq va men ularni yengib o‘tish kerak, degan fikrdan yiroqman. Har birimizning o‘z hayot hikoyamiz, jamiyatda oʻz oʻrnimiz va oʻzimizni qanday tutishimizga sabablarimiz bor, shuningdek, hamma o‘zini asrashi muhimdir.
Men uchun har qanday faoliyat va harakat inson uchun foydali boʻlib tuyuladi, ayniqsa inson bundan zavq olsa va natija koʻrsa. Boshqalarga yordam berish ham o‘zini yaxshi his qilishga sabab boʻlishi mumkin.
Ammo muvozanatni saqlash, o‘z-oʻziga g‘amxo‘rlik qilish muhim, chunki agar oʻsha yuk juda ogʻir kelsa, emotsional va professional jihatdan oʻz-oʻzini “yeb bitirish”, hatto kasal bo‘lib qolish mumkin.”
Hududlardagi norozilik harakatlari va mitinglar
2019–2020-yillarda ayollar hududlarda qish mavsumida gaz va elektr tanqisligi tufayli namoyishlarga chiqishdi. Masalan, Xorazmda Chig‘atoy qishlog‘i aholisi qishloqda tabiiy gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, yo‘lni to‘sib qoʻyishdi. Qo‘qonda ayollar gaz va elektr yo‘qligi tufayli hokimiyat yonidagi yo‘lni to‘sib qoʻyishdi.
2021-yilda Olmaliq aholisi OGMKda ish yoʻqligi va ish oʻrinlari yetishmasligiga norozilik bildirib, namoyishga chiqishdi. Holat OAVda yoritilganidan so‘ng, kombinatda ish joylarini ko‘paytirish uchun ishchi guruhi tuzildi.
O‘zbekistonda ko‘plab ayollar madaniy va siyosiy to‘siqlarga qaramay, siyosiy jihatdan faol. Ko’p hollarda ular asosan yashash sharoitlari va ijtimoiy adolat bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal qilishda faol ishtirok etishadi.
Zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish
Zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash to‘g‘risidagi qonun ayol senatorlar va jamoat faollari, jumladan, Nemolchi.uz loyihasining faol ishtirokida ishlab chiqilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, abortga majburlash va oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishga xizmat qildi.
Qonun ustida ishlash oson bo‘lmadi — Irina Matvienko “Mediazona”ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, “qonun loyihasi muhokamasi davomida qarshiliklar sezildi, har bir modda bo‘yicha bahslar ham bo‘ldi”.
Svetlana Peshkova, ijtimoiy-madaniy antropolog, etnograf hamda islom va gender tadqiqotchisi:
“Ayollarning siyosiy faolligi faqat davlat bilan o‘zaro aloqani o‘z ichiga olmaydi, balki kundalik ehtiyojlarni qondirish, jumladan, asosiy hayot resurslariga ega boʻlish va ijtimoiy adolatni ham anglatadi. Markaziy Osiyoda ayollar dolzarb muammolarni hal qilishda faol boʻlishsa, bu ko‘pincha tortishuvlarga sabab boʻladi, vaholanki, ular usiz ham imkoniyatlari cheklangan holda faollik koʻrsatadilar.
Shuningdek, ayollarning siyosiy faolligiga turli misollar ham mavjud — mahalliy muxolifat harakatlaridan tortib internet-jurnalistikagacha. Markaziy Osiyoda ayollarning siyosiy faolligi deganda faqat jamoat yoki davlat yuqori lavozimlari nazarda tutilmaydi, balki bu ko‘pincha faoliyati koʻrinmas boʻlgan, uncha taniqli boʻlmagan faol ayollar haqida hamdir, misol uchun, ayol jadidlar yoki “Hujum” harakati.”
Demak, haqiqatan ham, norozilik ayollarga xosmi?
Ha ham, yo‘q ham. Bu savolga har bir inson o‘zi javob beradi.
Ammo so‘nggi bir necha yil ichida ayollarning ishtiroki bilan bog‘liq namoyish holatlari keng tarqalganini tan olmasdan ilojimiz yoʻq. Mahsa Aminining o‘ldirilishi va Eronda ko‘plab namoyishlar, “Saltanat ishi” va Qozog‘istonda zo‘ravonlikni jinoyat deb tan olish, Italiyada Djuliya Chekketinni o‘ldirilganidan soʻng oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risida qonunning qabul qilinishi, Amerikada “Buvijonlarning tinch brigadasi” va boshqa koʻplab misollar ayollar ham davlatlarning ijtimoiy va huquqiy siyosatiga ta’sir ko‘rsata olishini koʻrsatib berdi.