Skip to main content

Boshqa eshikka kirib qolishdi-ku: maktablarga Milliy Gvardiya nega kerak?

tahlil

Video-kuzatuv kameralari, harbiy kiyimdagi qattiqqo‘l kimsalar, qulflangan eshiklar va “javobgarlik” darslari — yo‘q, bu yerda qamoqxonalardagi manzara emas, balki endilikda maktablardagi ta’lim jarayonining odatiy bir qismi nazarda tutilmoqda. Internet tarmog’ida Milliy Gvardiya xodimlarining maktablarga tashrif buyurib, ota-onalar va o‘qituvchilarga ogohlantiruvchi xatlar yuborayotgani, telefonlardan foydalanishni taqiqlayotgani, kechikishlar uchun tushuntirish xatlari talab qilib, ota-onalarni chaqirtirayotgani tasvirlangan video va fotosuratlar muhokama qilinmoqda.

Sharhlovchilar mudofaa va ta’limning g‘ayrioddiy birlashuvidan xavotirga tushishmoqda. Keling, ta’lim muassasalarida harbiy xodimlarga qanday vazifalar yuklatilganini va nima uchun bu vazifalarga aynan Milliy Gvardiya jalb etilganini tahlil qilib ko‘ramiz

Barchasi o‘zi nimadan boshlandi?

Yillar davomida turli idora va tashkilotlar davomat masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanib kelishdi. Masalan, 2013-yilda prokurorlar mahalliy hokimiyatlar, ta’lim muassasalari va boshqa mas’ul organlar bilan birgalikda bu masala bilan shug’ullanib kelishgan. Keyinchalik ularning o‘rnini profilaktika inspektorlari egallab, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, IIV, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillarining ishtirokida “Davomat” deb atalmish maxsus reydlar tashkil qilib kelingan.

2023-yil boshida, IIV ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarni o‘g‘irlashga urinishlar haqida oltita xabar kelib tushgan, biroq ulardan hech biri tasdiqlanmagan. Shundan so‘ng, “ota-onalarning asossiz xavotirlarini oldini olish va bolalarning xavfsizligini ta’minlash” maqsadida Toshkentdagi barcha maktablarga ichki ishlar organlari xodimlari biriktirib qo‘yilgan. Patrul qancha vaqt mobaynida davom etganligi haqida ma’lumot yo‘q.

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral sanasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda respublika bo‘ylab taxminan 50 ming bola muntazam ravishda maktab darslarini qoldirib kelayotganini ta’kidlab o‘tgan. Shu munosabat bilan, IIV tizimidan Milliy Gvardiya tizimiga ikki ming maktab inspektor-psixologlarini o‘tkazish to‘g’risida qaror qabul qilingan. Milliy Gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘raev bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarovaga “eng murakkab 1000-ta maktabda davomatni yaxshilash bo‘yicha tajribani joriy qilish” vazifasi topshirilgan, keyin esa mamlakatda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Milliy Gvardiyaning birlashgan maxsus ishchi guruhi tuzilib, bu guruhga davomatni yaxshilash majburiyati yuklatildi.

Milliy Gvardiya matbuot xizmatining ta’kidlashicha, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda maktab o‘quvchilarining mazmunli hordiq chiqarishlarini tashkil etishga, ularni kasbga yo‘naltirishga va o‘quvchilar ota-onalari hamda mahalla faollari bilan faol muloqot olib borishga e’tibor qaratiladi.

Bu qanchaga tushadi va nimalarga olib keladi?

O‘zbekistonda maktab ta’limi majburiy hisoblanadi. Darslarni ko‘p bora sababsiz qoldirib kelayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga ogohlantiruvchi xatlar yuborila boshlandi. Ularda bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik haqida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi mazmuni tushuntirib borilmoqda.

• Bolalar tomonidan darslarni qoldirganlik uchun 340 mingdan 1,7 million so‘mgacha jarima ko‘zda tutilgan. Yil davomida takroriy qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 1,7 milliondan 3,4 million so‘mgacha yetishi mumkin.

• Agar ota-onalar o‘zlari farzandlariga maktabga borishga to‘sqinlik qilgudek bo‘lishsa, jarima miqdori 3,4 milliondan 5,1 million so‘mgacha bo‘ladi. Yil davomida takroriy shunga o‘xshash qoidabuzarlik uchun 15 kungacha hibsga olinish mumkin yoki 5,1 milliondan 8,5 million so‘mgacha jarima solinishi mumkin.

Milliy Gvardiyada ta’kidlashlaricha, ko‘plab xorijiy mamlakatlarda o‘quvchilarning maktab darslarini qoldirishi uchun ota-onalarga solinadigan jarimalar odatiy hol sanaladi, jarimalar miqdori esa ancha yuqori.

• Fransiyada ota-onalar o‘z farzandlarining maktabga bora olmaganligini oqlay olishmasa yoki yolg‘on ma’lumot taqdim etishsa, ularga 135 yevro miqdorida jarima solinishi mumkin. Agar darslarni tinimsiz qoldirish bolaning ta’lim olishini xavf ostiga qo‘ysa, ota-onalarga ikki yilgacha qamoq jazosi belgilanib, 30 000 yevrogacha jarima solinishi mumkin.

• Buyuk Britaniyada esa ota-onalar bolalarni ta’til kunlaridan tashqari ma’lum bir kunlarda maktabdan olib chiqqudek bo’lsa, 60 dan 2 500 funt sterlinggacha (taxminan 940 mingdan 40 million so‘mgacha) jarima belgilanadi. Agar jarima 21 kun ichida to‘lanmasa, uning qiymati oshib boraveradi. Agar 28 kun ichida to‘lanmasa, masala sud orqali hal qilinadi.

• Germaniyada 6 dan 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun maktab ta’limi majburiy hisoblanadi. Bolalarni maktabdan direktorning shaxsiy ruxsatisiz olib chiqib ketish mumkin emas. Jarimalar miqdori Germaniyaning federal yerlariga qarab farqlanib, Bremen shahrida kuniga 35 yevrodan Berlinda 2 500 yevrogacha yetishi mumkin.

• Ispaniyada darslarni atayin, sababsiz qoldirish nafaqat jarimalarga, balki uchdan olti oygacha qamoq jazosiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Eng og‘ir holatlarda esa hatto ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinishgacha borishi mumkin.

• Avstriyada o‘quvchi tinimsiz uch kundan ortiq ketma-ket dars qoldirgudek bo‘lsa, ota-onalarga 110 dan 400 yevrogacha jarima yoki ikki haftagacha ozodlikdan mahrum qilinish jazosi qo‘llaniladi. Uchtadan ko‘p darslarni sababsiz qoldirish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Nega aynan Milliy Gvardiya?

2021-yil yozida Prezident qarori bilan Milliy Gvardiya bolalar uylarini nazorat qilishga mas’ul etib tayinlandi. Ushbu sohadagi muvaffaqiyatlari sababli, keyinchalik maktablarda davomatni nazorat qilish vazifasi ham Milliy Gvardiyaga topshirilganligi tasodif emas. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Milliy Gvardiya va Maktabgacha hamda maktab ta’limi vazirligi vakillari tomonidan ma’lum qilindi. Gvardiyachilar bu masalaga ham ijobiy tomondan yondasha olishdi, zero bolalar tarbiyasi ularga yot emas, ular ushbu masala bilan shug’ullanib kelishgan axir. Shunday qilib, Milliy Gvardiya respublika bo‘ylab 56 ta maktab ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi, bu maktablarda harbiy-vatanparvarlik sinflari tashkil etildi, amalda ham aynan ushbu sinflardagi o‘smirlarning ta’limga qiziqishi ortib borayotganligi namoyon bo‘ldi. Bunga sabab esa barcha sa’y-harakatlarning birgalikda amalga oshirilganligi bo‘lsa, ajab emas.

So‘nggi statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘smirlar orasida jinoyat sodir etish holatlari oshib bormoqda. Oxirgi besh yil ichida jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar soni 4,4 barobarga oshgan. 2024-yil yanvar oyida, bezorilik, o‘g‘rilik, transport vositalarini olib qochish, talon-tarojlik, firibgarlik va og‘ir tan jarohati yetkazish uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 133 nafar voyaga yetmaganlardan 81 nafari (umumiy miqdordan 61 foizi) maktab o‘quvchilariga to‘g’ri kelgan. Ushbu huquqbuzarliklar asosan jamoat joylari: ko‘chalar, parklar, savdo nuqtalari va ko‘ngilochar markazlarda sodir etilgan, vaholanki, bolalar shu vaqtda aslida maktabda bo‘lishlari kerak bo‘lgan.

Joriy yil boshidan beri maktab o‘quvchilaridan taxminan 350 ta pichoq, kastet va boshqa xavfli buyumlar musodara qilindi. Bundan tashqari, ba’zi o‘quvchilarda nafaqat tamaki mahsulotlari va snus (tutunsiz tamaki mahsuloti, uni yuqori lab ostiga qo‘yish orqali iste’mol qilinadi, tarkibida nikotin mavjud – tahririyat), balki kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlar ham topilgan.

Milliy Gvardiya o‘zining huquqiy maqomiga ko‘ra, nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradi, balki “Milliy Gvardiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga muvofiq jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida bir qator huquq-tartibot funksiyalariga ham ega. Shunga ko‘ra, har qanday jinoyatlarni, shu jumladan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash, ularni to‘xtatish va oldini olish ham ularning vazifalariga kiradi.

Qanday “yutuqlar”ga erishildi?

Joriy yilning fevral oyidan boshlab, asossiz dars qoldirilganligi uchun 4 ming ota-ona javobgarlikka tortilib, 124 ming ota-onaga rasmiy ogohlantirish berildi.

6-8-fevralda 188 ming o‘quvchi sababsiz darslarni qoldirgan. 146 277 dan 96 708 nafari sog’lig’i bilan bog’liq muammo tufayli yoki ruxsat olib darsga qatnashmagan bo‘lsa, 49 569 nafari sababsiz darslarni qoldirgan. Bir oy ichida maktablarga 1,7 million o‘quvchi qaytarilgan bo‘lib, davomat 97,7 % ga yetdi.

Biroq, tibbiyot sohasining o‘ziga xosliklarini inobatga olib, jumladan kasallik varaqalarini noqonuniy yo‘l bilan – pora berish orqali olish holatlari talaygina uchrab turgan bir paytda, savol tug’iladiki, Milliy Gvardiya bolalarning sog’lig’i bilan bog’liq holatlarni qanday tekshira oldi ekan?

Odamlar nima deyishmoqda?

Internet foydalanuvchilari ikki guruhga bo‘linishgan: birlari – ushbu choralar maktablarda intizom va xavfsizlikni ta’minlash uchun ajoyib yechim deb hisoblab, buning tarafdori bo‘lishsa, boshqalari esa, kuch tuzilmalarining ta’lim jarayoniga aralashuvi salbiy oqibatlarga olib kelishi va demokratiya hamda inson huquqlari tamoyillarini buzishi mumkinligini da’vo qilib, norozilik bildirishmoqda. Shu yerda bir kichik izoh: birinchi guruhga mansublar ikkinchi guruhga nisbatan kamroq.

Har bir inson tug‘ilganidan boshlab huquq va erkinliklarga ega. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining ilk satrlaridayoq inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tamoyillariga urg’u berib o‘tilgan va ikkinchi bobida ular aniq belgilab berilgan.

Konstitutsiya bilan insonning asosiy huquq va erkinliklari uch guruhga ajratib qo‘yilgan: shaxsiy huquq va erkinliklar; siyosiy huquqlar; iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar. Birinchi guruhga quyidagilar kiradi: yashash huquqi, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, malakali yuridik yordam olish huquqi, adolatli sudlov huquqi, shaxsiy hayotning daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sir saqlanishi huquqi. Shuningdek, yozishmalar, telefon suhbatlari, pochta, elektron va boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqi, turar joy daxlsizligi, mamlakat ichida erkin harakatlanish, yashash va turar joy tanlash huquqi, O‘zbekiston hududidan erkin chiqib ketish huquqi, fikrlash, so‘z, e’tiqod erkinliklari va boshqalar.

Fuqarolar, shuningdek, har qanday ma’lumotni qidirish, olish va tarqatish huquqiga ham ega.

Shuni aytib o‘tish joizki, davlatning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari uch asosiy turga bo‘linadi: inson huquqlarini hurmat qilish, ularni himoya qilish va ularni amalga oshirish. Inson huquqlariga hurmat qilish deganda odamlarga ushbu huquqlardan foydalanishlariga xalal bermaslik tushuniladi.

Shu asosda, agar maktab ma’muriyati va Milliy Gvardiya darvoza va eshiklarni qulflab, darslar bo‘lmagan vaqtda bolalarni ularning ixtiyorisiz ushlab tursa, bu shaxsiy erkinlikni buzadi. Sumka va telefonlarni tekshirish shaxsiy hayotga aralashuv va insonning maxfiylik huquqini buzish deb qaralishi mumkin.

Internet tarmog’ida eng ko‘p uchraydigan sharhlar (rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girilgan):

• Agar o‘qituvchilarning yetishmasligi – jiddiy muammo bo‘lsa, unda nega maktabga borish kerak o‘zi?

• Darslarni qoldirish muammo bo‘lishi mumkin, lekin aslo jinoyat emas!

• Jinoyatchilarni qo‘lga olishsin, har kim o‘z ishi bilan shug‘ullansin!

• Balki muammo ta’lim sifatidadir?

• Bolalarni qo‘rqitib nima kerak, gapda hamma narsa yaxshi, lekin amalda esa… Yaqinda voyaga yetmagan bir bolani haddan tashqari kuch ishlatib, qo‘lga olishgani yodimga tushib ketdi.

• Har doimgidek, xalqdan bir og’iz ham fikr so‘ralmadi(.

Internetda “Maktab — qamoqxona” nomli trend keng tarqalmoqda, bu trend doirasida o‘quvchilar maktab hayotini qamoqxonadagi hayot bilan taqqoslagan videolarini baham ko‘rishmoqda. Bu holatning sababi — Milliy Gvardiya va maktab ma’muriyatining kuchaytirilgan nazorati. Avvalroq o‘quvchilar tomonidan tarqalib ketgan videolar va fotosuratlar o‘chirila boshlanganini ham aytib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q.

Boshqa davlatlarda qanday? Chet el tajribasi

1974-yil may oyida Maalot shahrida sodir etilgan teraktdan so‘ng Isroil maktablardagi xavfsizlikni ta’minlash uchun jiddiy choralar ko‘ra boshladi. Falastin Ozodlik Demokratik Fronti terroristlari erta tongda bir maktab binosiga kirib, uni portlatib, yuzdan ortiq bolani garovga olishdi. Hujum vaqtida 25 bola va to‘rt nafar katta yoshli odamlar halok bo‘ldi.

Maktab binolari 2,5-3 metr balandlikdagi devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, atigi bitta kirish joyi mavjud, u ham bo‘lsa qurollangan qo‘riqchi tomonidan nazorat qilinadi, uning mehnati esa mahalliy hokimiyat tomonidan moliyalashtiriladi. Maktablarda videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan, ular asosan nazorat maqsadida ishlatiladi — masalan, bolalar o‘rtasidagi mojarolarni yoki bezoriliklarni aniqlash uchun. Ba’zi o‘qituvchilar esa o‘zlari bilan qurol olib yurishadi, chunki mamlakatda ko‘plab fuqarolarga qurol olib yurishga ruxsat berilgan. Har bir maktabda erkak o‘qituvchilardan biri “xavfsizlik ofitseri” unvoniga ega bo‘lib, u ham qurollangan bo‘ladi. Maktab safarlarida o‘quvchilar guruhlari qurollangan kattalar tomonidan nazorat qilib boriladi. Darvozalar faqat darslar boshlanishi va tugashi vaqtida ochiladi, kirish doim nazorat ostida. Yangi tashrif buyuruvchilardan kimki qurol olib yurgan bo‘lsa, albatta quroli haqidagi hujjatlarni taqdim etishi shart.

Ko‘plab boshqa mamlakatlarda ham maktablarda bolalar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratiladi, bu yerda asosiy urg‘u “xavfsizlik”ga qaratilgan, “davomat”ga emas.

Misol tariqasida:

• Fransiyada o‘quvchilarga maktabga olib kirish mumkin bo‘lmagan / taqiqlangan narsa-buyumlar ro‘yxati kiritilgan maxsus metodik qo‘llanmalar tarqatiladi. Vaqti-vaqti bilan ryukzaklar tekshirib turiladi, bunday tekshiruvga qarshilik ko‘rsatishning imkoni yo‘q, aks holda o‘quvchi darsga kiritilmaydi. Yiliga ikki marotaba bolalar terrorizmga qarshi mashg’ulotlarda qatnashadilar.

• Buyuk Britaniyada barcha maktab eshiklari faqat elektron kalit bilan ochiladi, o‘quvchilar va o‘qituvchilar esa maxsus beydjlar (shaxsiy identifikatsiya hujjati – tahririyat) va kirish kartalarini taqib yurishadi.

• Xitoyda maktabga shaxsiy fotosurat aks etgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilangina kirish mumkin. Barcha ta’lim muassasalarining darvozalarida qo‘riqchilar uchun maxsus kabinalar o‘rnatilgan.

• Yaponiyada xavfsizlik eng ustuvor ahamiyatga ega. Bolalar birinchi sinfdan boshlab favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligini va asosiy tibbiy yordam ko‘rsatish prinsiplarini o‘rganadilar.

• Koreyada darslardagi xavfsizlikni faqat o‘qituvchilar emas, balki ota-onalar ham ta’minlashlari lozim. Har bir maktabda “ota-onalar politsiyasi” faoliyat yuritadi — kunda o‘n kishigacha shunday “ota-onalar politsiyasi” maktab hududini patrullashadi, sinflarni tekshirish esa qo‘riqchilardan tashqari ikki ko‘ngilli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

AQShdagi ta’lim muassasalarida o‘smirlar juda kam hollarda darslarni qoldirishadi. Biroq, bu intizom ortida faqat o‘quvchilarning bilim olishga intilishi emas, balki moliyaviy rag‘batlantirish tizimi ham yashiringan. Maktablar davlat tomonidan har bir darsga kelgan o‘quvchi uchun moliyaviy ko‘mak olishadi, shuning uchun ta’lim muassasalari ma’muriyatlari o‘quvchilarning darslarni qoldirishiga qarshi faol kurashishadi, chunki bu moliyaviy yordam boshqa berilmay qolishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, bunda ota-onalar ham jalb etilganligi ushbu tizimning asosiy qismini tashkil etadi, ular farzandlarining nima sababdan dars qoldirayotgani haqida davomat uchun mas’ul bo‘lgan xodimga xabar berishlari kerak. Agar ota-onalar kerakli tartibda ogohlantirmagan bo‘lishsa, tizim avtomatik tarzda ota-onalarga xabar yuboradi. Bundan tashqari, maktab qoidalariga ko‘ra, ma’lum miqdordagi darslarni qoldirish o‘quvchining ta’lim natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ya’ni bunday o‘quvchi eng past (F – ikki)  baholardan yuqoriroq bahoni olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Davomat nazorati real vaqt rejimida amalga oshiriladi. O‘qituvchilar elektron jurnalga darsga kelmagan o‘quvchilar haqida ma’lumot kiritishadi, bu esa darslarni qoldirish holatlarini tezkorlik bilan qayd qilib borish imkonini beradi. Agarda o‘quvchi o‘quv kunining yarmida maktabdan chiqib ketgudek bo‘lsa, shu zahotiyoq ota-onalarga ogohlantirish xati yuboriladi. Bu mexanizm shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda oldindan ogohlantirish vositasi sifatida ham xizmat qiladi.

AQShda har bir maktab o‘quvchisi o‘zining shaxsiy guvohnomasiga ega, politsiya xodimlari o‘quvchilarni o‘quv vaqti davomida ko‘chada ko‘rgudek bo‘lishsa, ularni tekshirib, ular maktabda bo‘lishlari kerakmi yoki yo‘qmi aniqlay olishga haqlari bor.

2018-yilda AQShdagi maktablarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha xizmatlar bozori 2,7 milliard dollar deb baholangan. The Washington Post nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu choralarning hech biri o‘quvchilarni otishma natijasida halok bo‘lishdan saqlab qola olmagan. 2016-yilda 14 yoshli o‘smir boshqa bir o‘quvchini otib o‘ldirgan; vaholanki, maktabda videokuzatuv kameralari, temir eshiklar va qurollangan qo‘riqchi ham bor bo‘lgan. 2018-yil bahorida Alabama shtatida bir o‘smir maktabga pistolet olib kelgan va uni sinfdoshlariga maqtanib ko‘rsatayotgan paytda tasodifan bir qizni otib o‘ldirib qo‘ygan. Holbuki, binoda videokameralar o‘rnatilgan bo‘lgan, koridorlarda uch nafar qo‘riqchi navbatchilik qilgan, kirish joyida metall detektorlari o‘rnatilgan bo‘lgan, bundan tashqari, o‘quvchilarning sumkalari vaqti-vaqti bilan qurol-yarog’ bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun tekshirib turilgan.

***

Bundan kelib chiqadiki, kuzatuv kameralari, temir eshiklar, qo‘rqitish va qo‘riqlash, xoh bu Milliy Gvardiya tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsin, ta’lim muassasalarida xavfsizlikni ta’minlashga hech ham yordam bermaydi. Ha, majburlash orqali bolalarni maktabga ko‘proq borishlariga undash mumkin, lekin agar ta’lim jarayoni ularda qiziqish uyg‘otmasa va zarur bilimlarni bermasa, bu kelajakda norozilikka va hatto ta’limdan voz kechishga olib kelishi mumkin, ya’ni bu teskari ta’sir qiladi.

Ta’lim avvalo faqatgina bor bo‘libgina qolmay, qiziqarli, rag‘batlantiruvchi va xilma-xil ham bo‘lishi kerak, bu esa o‘quvchilarni rivojlanishlariga turtki bo‘ladi va ularni bilim olishga undaydi. Agar o‘quv jarayoni o‘quvchilarning istak va ehtiyojlariga mos kelmasa, aslida, ta’lim o‘zi maqsadga muvofiqmi, degan savol jiddiy muammoga aylanib ketishi mumkin. Shuning uchun faqat davomatni ta’minlash emas, balki sifatli ta’lim va o‘quvchilarning motivatsiyasini oshirish uchun sharoitlar yaratish ham muhimdir.

BULARNING BARCHASINI KIM BAJARDI:

Diana Sharipova — maqolani yozdi

Boris Jukovskiy — tahrirladi

Yana Modelova — prevyu tayyorladi

Lenochka — tuzatishlar kiritdi