Nega O‘zbekistonda mental salomatlik bu qadar past?
“Global Ong” loyihasining “Dunyo mental holati” yillik hisobotida zamonaviy dunyoda ruhiy salomatlikning so‘nggi tendensiyalari aks etgan.
2023-yilda 71 mamlakatda 13 tilda yarim milliondan ziyod respondentlar ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazilib, ma’lumotlar yig’ilgan. Asosiy xulosalar quyidagicha: mental salomatlik pandemiya ta’siridan so‘ng eng quyi darajaga tushib qolgan, pandemiyadan oldingi holatlarga qaytishi esa hali dargumon.
Ayniqsa, 35 yoshgacha bo‘lgan yosh avlod so‘nggi yillar ichida ruhiy farovonlik borasida eng katta tushkunlikni boshdan kechirdi. Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston ushbu reytingda eng past pog‘onada joylashgan.
Mental farovonlik nima va u qanday o‘lchanadi?
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BSST)ning ta’rifiga ko‘ra, keng ma’noda mental farovonlik insonning hayotiy stress va qiyinchiliklarga bardosh bera olish qobiliyati hamda jamiyatga faol hissa qo‘sha olishini bildiradi. Aynan mana shu mezonni “Global Ong” loyihasi o‘rganishga intiladi. Bu borada barchasini “o‘lchash” uchun olimlar quyidagi oltita asosiy mezonlardan foydalanishadi:
• Kognitiv (o‘rganish) qobiliyati
• Moslashuvchanlik va bardoshlilik
• Faollik va motivatsiya
• Kayfiyat va qarashlar
• Ijtimoiy “Men”
• “Aql — tan” aloqasi
Respondentlarning javoblariga asoslanib, Mental Health Quotient (MHQ) — mental farovonlik ko‘rsatkichi tuziladi. Bu ko‘rsatkich insonning mental farovonligini distress holatidan to gullab-yashnashgacha bo‘lgan diapazonda o‘lchaydi, shuningdek mental farovonlikdagi subklinik o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi. Oddiy qilib aytganda, MHQ ko‘rsatkichi qancha past bo‘lsa, respondentning ruhiy holati shuncha yomon hisoblanadi.
Kengaytirilgan tadqiqot jadvali yordamida O‘zbekistonda aslida mental farovonlik qay darajadaligini yoritib berishga urinib ko‘rdik.
Respondentlarning / ishtirok etganlarning o‘rtacha portreti — ish bilan ta’minlangan, bakalavr darajasiga ega, 45 dan 54 yoshgacha bo‘lgan ayol.
Jahon bo‘yicha o‘rtacha MHQ — 65. Bu ko‘rsatkich mental farovonlikning “nazorat ostida” ekanligini anglatadi. O‘zbekiston bo‘yicha esa ushbu ko‘rsatkich 47,8ga teng, ya’ni bu holat “nazorat ostida” degan holatning eng pastki chegarasida joylashgan bo‘lib, 71 mamlakat ichida eng past natijani namoyish etadi.
Endi bu ko‘rsatkichning demografik portretini chuqurroq tahlil qilib ko‘raylik. Ushbu tadqiqotda O‘zbekistondan internetga kirish imkoniyati bo‘lgan 834 nafar rus tilida so‘zlashuvchi ishtirokchilar qatnashgan. Ulardan 612 nafari ayol va 222 nafari erkak. So‘rov 18 yoshdan 75 yoshgacha va undan katta yoshdagi guruhlarda o‘tkazilgan. Shuningdek, eng ko‘p respondentlar bakalavr darajasiga ega ish bilan ta’minlanganlar orasidan tanlab olingan.
O‘zbekiston 25 dan 34 yoshgacha bo‘lgan erkaklar tufayli ro‘yxatning oxirida joylashgan.
Garchi O‘zbekistonning o‘rtacha MHQ ko‘rsatkichi 47,8 bo‘lsa-da, eng ko‘p ishtirokchilar, ya’ni 27,5% mental farovonlik bo‘yicha “azob chekuvchi” kategoriyasidan joy olgan. Bundan tashqari, 4,1% ishtirokchilar “distress” holatida ekanligi, faqat 4,6% ning ruhiy holati esa “gullab-yashnash” darajasida ekanligi aniqlangan.
Ayniqsa, diqqatga sazovor jihat shuki, har ikki guruhda mental farovonlikning eng yirik qismi “azob chekuvchi” holatiga to‘g‘ri keladi. Erkaklar orasida bu ko‘rsatkich ayollarnikidan bir oz yuqori. Qiziqarli tomoni shundaki, “erkaklar guruhida” eng past natija ijtimoiy “Men” bo‘limida, ayollar guruhida esa “kayfiyat va qarashlar” eng past darajada baholangan.
Mental farovonlikning tarkibiy qismlari bo‘yicha yosh kesimida olib borilgan tahlil ruhiy farovonlikning yosh ortishi bilan yaxshilanganini ko‘rsatdi. Ya’ni, yoshroq ishtirokchilarda barcha ko‘rsatkichlar “azob chekuvchi” darajasida bo‘lsa, katta yoshdagi ishtirokchilarning mental holati “gullab-yashnash”ga yaqinlashgan. E’tiborga molik jihat shuki, so‘rovda qatnashgan o‘zbekistonliklar orasida eng past mental farovonlik holati 25 dan 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlarda aniqlangan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kayfiyat va qarashlar, ijtimoiy “Men” va kognitiv qobiliyatlari 18 dan 20 MHQgacha bo‘lgan diapazonda joylashgan.
Bu raqamlar nimalar haqida so‘zlaydi?
Mamlakatda mental farovonlikning o‘rtacha darajasi ancha past ekanligi ko‘rinib turibdi, bu esa jamiyatda muayyan muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning ko‘pchiligi o‘z ruhiy holatlarini “azob chekuvchi” deya baholaganlar. Shuningdek, e’tiborli jihati shundaki, 25 dan 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida mental farovonlik holati eng past darajada, bu esa O‘zbekistonda yoshlar orasida alohida qiyinchiliklar va muammolar mavjudligidan darak beradi.
Mental salomatlikdagi bu tendensiya butun dunyo bo‘ylab kuzatilmoqda. Masalan, Business Insider hozirgi yosh avlodni “yolg’iz, to‘yib ketgan va tushkunlikka tushgan” deb ta’riflagan. Bundan tashqari, klinik tadqiqotlar so‘nggi yillarda yoshlarda depressiv belgilar oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Qiziq tomoni, “Global Ong” loyihasining “Dunyo mental holati” tadqiqotining O‘zbekiston kesimidagi natijalari va Garvard ta’lim maktabining hisoboti o‘rtasida o‘xshashliklar bor, xususan, mental farovonlikning destabilizatsiyalanishiga oid signal mavjudligi. Garvard hisobotida “Global Ong” xulosalaridan farqli o‘laroq, mental farovonlikning buzilish sabablariga chuqurroq nazar tashlanadi — masalan, hayotdagi ma’no, maqsad va yo‘nalishning yo‘qligi, moliyaviy tashvishlar, dunyo qulayotgandek tuyulishi hissi, munosabatlarning yo‘qligi, ijtimoiy va siyosiy muammolar.
Shuni ta’kidlash kerakki, “Global Ong” hisobotining yoshlar kesimida tahlilida, mental farovonlikning yosh o‘tishi bilan yaxshilanayotgani kuzatiladi. Bu “yosh o‘tishi bilan hamma narsa o‘tib ketadimi?” degan savolni tug’diradi. Hozircha bu savolga javob berish qiyin, chunki bu trenddan bashorat vositasi sifatida foydalanish mumkinmi yoki yo‘q, tadqiqot natijalaridan ma’lum emas.
Tadqiqotning cheklanganligi
Hisobot mualliflari ta’kidlaganidek, o‘quvchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan asosiy cheklovchi omillarni ajratib chiqishlari zarur. Birinchidan, ishtirokchilar tanlovlari/javoblari butun bir mamlakat aholisi holatini to‘liq aks ettira olmaydi hamda asosan til bilganlar, internetga kirish imkoniyatiga ega bo‘lganlar va onlayn so‘rovnomani to‘ldirish uchun vaqt ajratishga tayyor bo‘lganlar tomonidan noto‘g’ri talqin etilishi mumkin. Ikkinchidan, tildan foydalanishdagi madaniy farqlar va umuman madaniyat, odamlarning savollarga javob berish uslubi va savollarni qay darajada talqin qilishlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, onlayn so‘rovnomalar yordamida o‘tkazilgan tadqiqotlar, internetga kirish imkoniyati cheklangan yoki kompyuter ko‘nikmalari past bo‘lgan shaxslarning ishtirok etish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi. Bu esa tadqiqot natijalarining to‘laqonli darajada ishonchliligiga ta’sir qiladi.
MHQ keng qamrovli ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa-da, barcha mental farovonlik jihatlari aniq o‘lchanishi cheklangan bo‘lishi mumkin va ba’zi bir jihatlar yetarli darajada inobatga olinmagan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, natijalar ishtirokchilar javoblarining subyektivligi sababli haqiqatga to‘g’ri kelmasligi mumkin; bu javoblar jamiyat bosimi ostida yoki jamiyat tomonidan ma’qullangan/qabul qilinganligi sababli yoki shaxslarning o‘z ruhiy holatlarini qanday qabul qilishlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan bo‘lishi mumkin.
Shu sababli, ushbu natijalar faqatgina aynan shu kontekstda ko‘rib chiqilishi kerak.