Skip to main content

Nega Kreml jarchilari Markaziy Osiyoga tahdid qilishmoqda: Rossiya imperializmining ildizlari

Yangi 2026-yilni Rossiya targ‘iboti jarchilari Kremlning neoimperialistik va tajovuzkor da’volarini ochiqchasiga bildirish bilan, xususan, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarini suverenitetidan mahrum qilish haqidagi tahdidlari bilan boshlab berishdi. Bu kimlarnidir qo‘rqitgan bo‘lsa, Rossiyaning siyosiy an’analaridan bexabar bo‘lgan boshqalarni hayratga soldi. Ammo tarixga nazar tashlasak, Moskvaning bunday bayonotlari yangilik emas, ular uchun oddiy hol, ya’ni “modus operandi” ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. Rossiya imperializmining tarixiy an’analari yangi rakurslardan o‘rganib chiqilib, yaqinda shunga doir “Yo‘qolgan sivilizatsiya” nomli kitob paydo bo‘ldi.

“Falon sovg‘alar”

Rossiyalik diplomatlar va jamoat arboblarining Markaziy Osiyoga qaratilgan shubhali bayonotlari so‘nggi yillardagina paydo bo‘lgan emas. Masalan, 2020-yilda rossiyalik diplomat Vyacheslav Nikonov Rossiyaning “Birinchi kanal” efirida:

“Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir, — deb chiqqan edi.

Shundan so‘ng Qozog‘iston TIV Nikonovga nota yo‘llab, “Rossiyaning ayrim siyosatchilari tomonidan Qozog‘istonga nisbatan tez-tez uchrayotgan provokatsion chiqishlar ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar yetkazayotganini” ta’kidladi.

O‘zbekiston — tomorqa emas

2023-yil sentabr oyida rossiyalik deputat Yevgeniy Fyodorov “respublikalarning Sovet Ittifoqidan noqonuniy chiqib ketganiga” qarshi chiqdi. Uning fikricha, bu hozirgi Rossiyaning hududiy yaxlitligiga putur yetkazgan va endilikda mustaqil bo‘lgan respublikalar bilan “urushishga to‘g‘ri keladi”.

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari Fyodorovni “navbatdagi xayolparast” deb atadi. Deputat Odiljon Tojiyev esa Konstitutsiya “barcha qonunlardan ustun” ekanini eslatib, uning 72-moddasida:

“Har bir Ittifoq respublikasi SSSRdan erkin chiqish huquqini saqlab qoladi”, — deb belgilanganini ta’kidladi.

2023-yil noyabrida Rossiya Davlat Dumasi raisining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy rus tili davlat tili bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolarini ishga joylashtirishni “cheklash kerakligini” aytdi. Shuningdek, u sobiq Ittifoq mamlakatlarida boshqa tillarni emas, aynan rus tili o‘rgatilishi kerakligini, buni Rossiya “istashini”, yana sobiq Ittifoq davlatlari “rus tilini milliy tillari bilan siqib chiqarishga urinayotganini” bildirdi.

Bunga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov shunday javob qaytardi:

“O‘zbekiston deputat Tolstoyning tomorqasi emas. O‘z mamlakati va fuqarolari muammolari bilan shug‘ullansin. O‘zbekistonda rus tili erkin muloqot tili. Biz ittifoqchi mamlakat maqomiga mos ishlayapmiz. Deputat Tolstoy esa yo‘q.”

2023-yil dekabrida “Adolatli Rossiya” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekiston va sobiq SSSRning boshqa hududlarini Rossiyaga qo‘shib olishni taklif qildi. U buni “hech kim taqiqlay olmasligini” va bu davlatlar hududida ma’lum miqdorda “bizning fuqarolarimiz” borligi asos bo‘la olishini da’vo qildi.

Deputat Bobur Bekmurodov Prilepinni jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirdi:

“Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir.”

“Mehnat muhojirlarini pasportlashtirish”

2024-yil sentabrida “Adolatli Rossiya” rahbari Sergey Mironov chiqish qilib, “Markaziy Osiyo mamlakatlari” fuqarolariga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, “mehnat muhojirlarini ommaviy pasportlashtirish faqat korrupsiyalashgan amaldorlardan iborat mafiyaga foyda keltiradi, xolos”.

O‘sha yilning oktyabrida Mironov Qozondagi O‘zbekiston Bosh konsulligi o‘z fuqarolarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashishdan ogohlantirganidan norozi bo‘lib, o‘zbekistonliklar uchun vizali rejim joriy etishga chaqirdi. Shuningdek, u Rossiyadagi onalik kapitali o‘zbekistonliklarga kerak emasligini va “bunday fuqarolar bu yerda ham kerak emasligini” aytdi.

O‘zLiDeP partiyasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov O‘zbekiston hech qachon o‘z fuqarolarining urushlarga jalb qilinishiga rozi bo‘lmasligini bildirdi.

“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, Vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo’shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, — deya ta’kidladi deputat.

Diplomatik bezbetlik

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqandga tashrifi uning “Motamsaro ona” yodgorligi yonida bildirgan fikrlari ortidan O‘zbekistonda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Yodgorlikda yozuvlar o‘zbek va ingliz tillarida bitilgan. Lavrov nima sababdan yozuvlar o‘zbek va ingliz tillarida, ammo rus tilida emasligiga qiziqqan.

“Bu yerga inglizlar qayerdan kelib qoldi? Mana, qarang, ingliz tilida yozuv bor”, — degan u gidga murojaat qilib.

Filolog, Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova bu holat milliy o‘zlikni himoya qilish muhimligini eslatganini ta’kidlagan.

“Lavrovga o‘zi mehmon bo‘lib borgan MUSTAQIL mamlakatdagi yozuvning rus tilida emasligi yoqmasa yoqmabdi, bu uning muammosi. Lekin biz buni o‘zimizning muammoga aylantirmaylik. Aksincha, o‘z manfaatlarimiz yo‘lida o‘zbek tilini rivojlantirishdan qolmaylik.”

Yurist va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Lavrovning xatti-harakatini “diplomatik bezbetlik” deb atab, yodgorlikni o‘zbek va ingliz tillarida rasmiylashtirish to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta’kidladi.

“Xalqaro huquqqa tupurdik”

11-yanvar kuni Kreml teleboshlovchisi Vladimir Solovyov AQShning Venesueladagi operatsiyasini misol qilib, shunday dedi:

“Xalqaro huquqqa tupurish kerak. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiyani boshlash zarur bo‘lgan bo‘lsa, nega biz ta’sir zonamizning boshqa nuqtalarida ham maxsus harbiy operatsiyalarimizni boshlamasligimiz kerak? Armanistonni yo‘qotish — ulkan muammo. Markaziy Osiyodagi muammo ham ulkan. Biz o‘z maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab olishimiz shart, “o‘yinlar tugagaganini” tushuntirib qo‘yishimiz shart”.

Ertasi kuni “rus dunyosi” mafkurasining eng mashhur ideologlaridan biri Aleksandr Dugin shunday dedi:

“Mustaqil Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston mavjudligiga rozi bo‘lish mumkin emas. Yo ular biz bilan bo‘ladi, yo G‘arb yoki Xitoy uchun platsdarmga aylanadi”. U hozirgi sharoitda “Rossiyani imperiya deb e’lon qilish va xalqaro huquqni chetga surib qo‘yishdan boshqa yo‘l yo‘q”ligini qo‘shimcha qildi.

Bu shaxslar ommaviy nutqlarda muntazam ravishda Kreml bilan bog‘liq shaxslar sifatida tilga olinadi. Solovyov Rossiya prezidenti administratsiyasi o‘tkazadigan tadbirlarda muntazam qatnashadi, 2025-yil yanvarida esa Putin shaxsan unga “Rossiyada xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvonini bergan.

Dugin esa yanada murakkab va ta’sirli figura hisoblanadi. G‘arb OAVlari uni ko‘pincha “Putinning miyasi” deb ataydi. Uning g‘oyalari 2014-yilda Qrim anneksiyasi va 2022-yilda Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishiga olib kelgan qarorlarga ta’sir ko‘rsatgani aytiladi.

Bu ikki shaxsning rasmiy Moskva bilan aloqalari inkor etib bo‘lmas darajada kuchli ekanini inobatga olsak, ularning bayonotlarini shaxsiy fikr sifatida qabul qilib bo‘lmaydi — bu davlat pozitsiyasining ifodasidir. XIV asrda shakllangan imperiyaviy mantiq hanuz Rossiya tashqi siyosatining tarkibiy asosi bo‘lib qolmoqda. Rossiya MDH davlatlarini hanuz o‘z ta’sir doirasining bir qismi sifatida ko‘radi va ularning suverenitetiga mensimay qaraydi.

Yo‘qolgan sivilizatsiya

Ushbu tendensiyalar ukrainalik muallif Kuzari tomonidan yozilgan “Yo‘qolgan sivilizatsiya — sezilmagan falokat” kitobida batafsil tahlil qilingan. Unda muallif XIV asrdan boshlab Moskva hokimiyati qanday qilib imperialistik modelni shakllantirganini ko‘rsatadi: Moskvaning ustunligi diniy jihatdan legitimatsiya qilinib, bu orqali hokimiyat muqaddaslashtirilgan va hududiy ekspansiya oqlanib kelgan.

“Moskva musulmon Sharqqa kengayishni “iymonni himoya qilish” va “pravoslav dunyosini kengaytirish” zarurati sifatida izohlab, o‘zini “kofirlar”ga qarshi qo‘ygan. 2026-yil yanvaridagi rossiyalik targ‘ibotchilarning ochiq bayonotlari Rossiya tashqi siyosati hanuz imperiyaviy ambitsiyalarga tayanishini ko‘rsatadi.

Moskva boshchiligidagi “haqiqiy xristianlar” va “Tatar yerlar”dagi “nopok musulmonlar” qarama-qarshiligi tarixiy turkiy-musulmon hududlarga ekspansiyani legitimlashtirgan. Chingizxon davridan beri (Usmoniylardan tashqari) barcha turklar “tatarlar” deb atalganini hisobga olsak, “pravoslav e’tiqodi yo‘lida” kengayish hududi Volgabo‘yi, Sibir, Markaziy Osiyo va Kavkazni qamrab olgan”, deyiladi “Antiturk ekspansiyasi rus mafkurasining shakllanishi” bobida.

Geosiyosiy nuqtai nazardan olib qaralganda, Kitobda Janubiy Kavkaz, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning bugungi etnik va siyosiy xaritasini belgilagan ko‘plab tarixiy jarayonlar yangidan yoritilgan. Manbalar asosida, xuddi pazllar kabi voqealar o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqligi, xususan, hozirgi kundagi Janubiy Kavkazdagi kuchlar nisbatini belgilab bergan hodisalar bir keng panorama kabi yaqqol namoyish etilgan. Ayniqsa, hozirgi Armaniston hududidagi arman-turk qarama-qarshiligining dastlabki sabablari va kam ko‘zga tashlanadigan katalizatorlari chuqur tahlil qilingan. Bundan shakllangan tasvir mintaqa mamlakatlari va Rossiyadagi rasmiy tarix talqinlaridan sezilarli darajada farq qiladi.

Kitobning asosiy o‘ziga xos jihati, avvalo, uning mahalliy (lokal) yondashuvidadir. Unda Kavkaz turklarining subetnoslaridan birining so‘nggi tarixiy bosqichlari ozarbayjon va turk manbalariga tayanmagan holda yoritishga urinilgan. Erivan viloyati va Zangezurdagi turkiy sivilizatsiya tarixi asosan arman, fransuz va rus manbalari hamda o‘sha hudud turklarining “o‘z ovozlari” orqali qayta tiklangan. Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston uchun bunday neoimperialistik bayonotlar (narrativlar) mavhum tushuncha emas. Mintaqaning tarixida XIX asr ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonning bevosita mustamlaka qilinishi saqlangan — bu jarayon “sivilizatsion missiya” va “qoloq chekka hududlarni bo‘ysundirish” ritorikasi bilan birga olib borilgan.

Sovet davrida imperiyaviy mantiq mazmunan saqlanib qolib, faqat tashqi ko‘rinishini o‘zgartirdi. Iqtisodiy tizim shunday qurildiki, Oʻzbekiston xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan tuzilmaning bir qismiga aylantirildi. Buning oqibatlari — Orol dengizining fojiali tanazzulidan tortib, demografik va ijtimoiy nomutanosibliklargacha — hanuzgacha chuqur sezilib kelmoqda.

Oʻzbekiston strategik avtonomiya va koʻpvektorli tashqi aloqalar siyosatini izchil ravishda shakllantirib borayotgan bir sharoitda, Moskvadan yangrayotgan bunday neoimperialistik bayonotlar muhim eslatma boʻlib xizmat qilishi shart: o‘tmishni tanqidiy tahlil qilmaslik kelajakni kuchsizlashtirishi mumkin. Rossiya imperializmi — tarixiy mavhumlik emas, balki yangi sharoitlarga moslashib, qayta ishlab chiqilayotgan, qayta-qayta takrorlanayotgan modeldir.

Ushbu asarda taqdim etilgan yangi, yanada kompleks yondashuv Armaniston–Ozarbayjon hamda Armaniston–Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish istiqbollari, Ukrainadagi urush va Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi, jumladan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hududlaridagi jarayonlar fonida ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

БУ КИМНИ ИШИ?

Oleg Posternak — material muallifi

Alina Voznyuk — ma’lumotlarni to‘pladi

Yana Modelova — tahrirlagan va prevyusini tayyorlagan

Lenochka — tuzatdi