Skip to main content

Gender tengsizligi: “shisha shift”ga qarshi qanday kurashmoq lozim

tahlil

Mehnat qilish va butun bo’sh vaqtni karyeraga bag’ishlash ko’pincha kamlik qiladi — ba’zi to’siqlar ijtimoiy sabablarga asoslangan bo’lib, ularni o’zgartirish qiyin. Psixologlar bu hodisani “shisha shift” deb atashadi: yuqoriga olib boradigan karyera zinapoyasini ko’ramiz, biroq uni zabt eta olmaymiz. Bu hodisa qayerdan kelib chiqqani va uni qanday yengish mumkinligini o’rganib chiqamiz.

“Shisha shift”ning kelib chiqishi tarixi

“Shisha shift” atamasi 1978-yilda Amerika yozuvchisi Merilin Loden tomonidan Nyu-Yorkdagi Women’s Action Alliance konferensiyasida ilgari surilgan. O’sha paytda uning hamkasblari ayollar o’z-o’zlarini qadrlamasliklari va o’zlariga past baho berishlari sababli karyerada rivojlana olishmaydi, deya ta’kidlashgan. Biroq, Merilin Loden ushbu konferensiyada ularga mutlaqo qarshi chiqqan.

Loden ishlayotgan kompaniyada erkak hamkasblari undan yig’ilishlarda “ko’proq jilmayishi” kerakligini aytishgan, boshqalar esa ayolning o’rta maqomdagi menejer lavozimiga ko’tariliishi o’sha lavozim qiymatini pasaytirib yuboradi, deb hisoblashgan. Ishda ko’tarilishi vaqti kelganda, Merilin bu imkoniyatdan mahrum bo’lgan. Merilin natijalari yaxshi bo’lsa-da, rahbari boshqa erkak hamkasbini tanlagan, chunki u “oilaboshi”, ya’ni ro’zg’or tebratuvchisi, shu sababli pulga Merilindan ko’ra ko’proq muhtoj.

“SHISHA SHIFT”NI TURG'UN, O’ZGARTIRIB BO’LMAS HOLAT SIFATIDA QABUL QILISHDAN KO’RA, ENDILIKDA KOMPANIYALAR OLDIDA JAMIYATDA QOTIB QOLGAN JINSGA NISBATAN ESKICHA FIKRLARNI YO’QOTISH ZARURATI PAYDO BO’LGANINI TAN OLISH VAQTI KELDI, ZERO BU FIKRLAR ERKAKLARNINGGINA KARYERADA MUVAFFAQIYAT QOZONISHINI ANGLATIB, AYOLLARNING KUCHLI TOMONLARI, STILI VA QOBILIYATLARINI YO’QQA CHIQARADI," DEB KEYINROQ TA'KIDLAGAN MERILIN LODEN.

“Shiftlar” xilma-xilligi

Merilin Lodenning nutqidan naq qirq olti yil o’tgan bo’lsa-da, “shisha shift” hali ham o’z dolzarbligini yo’qotgani yo’q. Mehnat sohasidagi gender tengsizligi masalasi chuqurroq o’rganilgani sari, yanada ko’proq jihatlar/ aspektlar yuzaga chiqib kelaverdi.

Ayollarning karyera cho’qqilarini zabt etishlariga to’sqinlik qiluvchi yana ko’plab, irqiy, ko’nikmaviy, iqtisodiy va boshqa toifalardagi ayollarga nisbatan mavjud bo’lgan stereotiplarni namoyish etuvchi “shiftlar” ham paydo bo’la boshladi:

“bambukli shift” — Amerikadagi Osiyolik ayollarga nisbatan;
“vitraj shift” (vitraj – surat solinadigan rangli oyna – tahririyat)— dindor ayollarga nisbatan;
“selluloid shift” (selluloid – sellulozadan tayyorlangan qattiq plastik material – tahririyat) — Gollivuddagi ayollarga nisbatan;
“marmar shift” — hukumat tizimidagi ayollarga nisbatan;
“pleksiglas shift” (pleksiglas – organik oyna, oynasimon plastmassa – tahririyat)— sanoat sohasidagi ayollarga nisbatan.

2016-yildagi Washington Post gazetasida yozilganidek, yosh “rangli” ayollar “beton shift” bilan to’qnash kelganlarini his qilishgan. Bu hodisa asrlar davomida yig’ilib, jamoatchilik fikri va me’yorlarini shakllantirib kelgan irqiy stereotiplar/ bid’at/xurofotlar natijasida yuzaga kelgan.

Gender tengsizligiga nimalar ta’sir qiladi?

Gender bo’yicha ajratish ta’lim va mehnat sohalarida shaxs shakllanishining dastlabki bosqichlaridayoq, ya’ni maktab davridan boshlanadi. Fanlar jinsga ko’ra ajratib o’tiladi: ba’zi fanlarni bir jins vakillari boshqa jins vakillariga qaraganda ko’proq eplay olishadi, deb qaraladi. Masalan, texnika, matematika va shunga oid aniq fanlar o’g’il bolalar uchun mosroq deb hisoblansa, gumanitar yo’nalishdagi darslarni qiz bolalar yaxshiroq o’zlashtirishadi, deb o’ylashadi.

Bu yerda patriarxal jamiyatning qarashlari ham o’z ta’sirini o’tkazmasdan qo’ymaydi: kasblar ham erkak yoki ayoldan kim ko’proq shu kasbga moyilligiga ko’ra gender bilan bog’laniladi. Misol uchun, ayollarga nisbatan qo’llaniladigan “ona instinkti”, “tabiiy rol” kabi stereotiplar, ularda “yumshoqroq fe’l-atvor” bo’lishi yoki tabiiy g’amxo’rlik qilish istagi borligi kabi tushunchalar. Erkaklar esa ko’proq “jiddiy” kasblarga mosroq deb qaraladi, bu kasblar bir qator qobiliyatlarni, xususan karyerizmni hamda “erkakcha” fe’l-atvorni talab qiladi.

Britaniyalik sotsiologiya professori Rozmari Krompton kasblarga feminin (ayollarga xos) yoki maskulin (erkaklarga xos) xususiyatlar beriladigan jarayonni “jins tipizatsiyasi” deb ataydi. Jinsga xos stereotiplar ma’lum bir shaxsning o’ziga topshirilgan ishni muvaffaqiyatliroq bajarishini taqozo etadi. Ayollarning “erkaklarga xos” kasblarga kirib borishida to’siq yuzaga keladi. Jamiyat “ayollarga xos” ishlarda band bo’lgan ayollarni qo’llab-quvvatlaydi, “erkaklarga xos” ishlardagi ayollarni esa, aksincha, qoralaydi.

Jins tipizatsiyasi mehnat bozorida aniq gender segregatsiyasini shakllantiradi, bu yerda ayollar jamoat sektorida: ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlarda faol bo’lsa, erkaklar texnik sohalarda — moliya, qurilish, sanoatda ishlaydilar, ushbu ish joylarida an’anaviy ravishda oyliklar ancha yuqori. “Shisha shift” ayolning o’zi ishlaydigan sektorda yuqori lavozimlarga ko’tarilishiga to’sqinlik qiladi: masalan, boshlang’ich va o’rta ta’lim muassasalarida ayollar ustunlik qilsa-da, universitetlarda o’qituvchilar tarkibi jins bo’yicha turlicha, va u yerdagi rahbariyat lavozimlarini asosan erkaklar egallagan.

O’zbekiston hamda dunyoda muammoning dolzarbligi

Jamiyat “erkaklarga xos” kasblarni yuqori baholaydi, bu ham ularning mehnatiga yuqoriroq haq to’lanishiga olib keladi. Jinslar o’rtasidagi ish haqi tafovutini bartaraf etish dunyo miqyosida yana taxminan 170 yil vaqt talab etishi mumkin, deb bashorat qilinadi World Economic Forumda.

O’ZBEKISTONDA AYOLLAR, O’RTACHA OLIB QARALGANDA, ERKAKLARNING 61% DAROMADINI OLISHADI.

2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida” Qonun va 2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kabi muhim hujjatlar borligiga qaramay, gender tengsizligi hanuz yuqori darajada qolmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Mehnat Tashkiloti olib borgan tadqiqotiga ko’ra, O’zbekistonda ayollar asosan past lavozimlarda ishlaydilar, ularning mehnati past baholanadi, va an’anaviy “ayollarga xos” kasblarning qiymati/ahamiyati ancha pasaytirilgan. Ayollarning katta qismi uy ishlari va bolalar tarbiyasi kabi haq to’lanmaydigan mehnat bilan mashg’ul, gender me’yorlari sababli bunday mehnatga ularning umumiy vaqtining uchdan ikki qismi sarflansa, erkaklar o’z vaqtlarining atigi uchdan bir qismini sarflaydilar.

Ishsizlik masalasida ham gender tengsizligi kengayib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti asosiy muammolardan biri sifatida davlatning munosib ish o’rinlarini yaratishdagi muvaffaqiyatsizligini ko’rsatadi, ammo bu muammo ayollarga ko’proq taalluqli: ayollarning ishsizlik darajasi erkaklarnikiga nisbatan 93 foiz yuqori (13,3 foiz ayollarga nisbatan 6,9 foiz erkaklar).

Ayollar uchun ko’p ish o’rinlari norasmiy iqtisodiyotga to’g‘ri keladi, rasmiy ish o’rinlarining asosiy manbai esa davlat sektori hisoblanadi, bu yerda ishlayotganlarning 58% dan ortig‘ini ayollar tashkil qiladi. Bu holat, ayollar odatda yuqori darajadagi ijtimoiy himoyaga, xususan, onalikni muhofaza qilish imkoniyatlariga muhtojligi va shularni ta’minlab beruvchi ish o’rinlarini qidirishlari bilan bog’liq.

Shuningdek, ayollar erkaklarga qaraganda ko’proq kam haq to’lanadigan sohalarda ishlaydi, jumladan ta’limda (73,8%), ijtimoiy sohada (77,3%) va jamoat ovqatlanish xizmatlarida (52%). Moliya vazirligi ushbu sohalardagi oyliklar haqida ma’lumotlarni e’lon qilishdan ko’pincha bosh tortadi. Oxirgi e’lon qilingan ma’lumotlar ushbu ishlar uchun juda past haq to’lanishini ko’rsatadi: boshlang‘ich sinf o’qituvchilari 2 million so’mgacha, bolalar bog‘chasi tarbiyachilari 1,5 million so’mgacha, umumiy amaliyot shifokorlari 1,8 million so’mgacha, hamshiralar esa 1,2 million so’mgacha maosh olishadi.

O’zbekiston statistika agentligining hisob-kitoblariga ko’ra, eng ko’p haq to’lanadigan kasblar moliya va sug‘urta (o’rtacha 13,3 million so’m), axborot texnologiyalari va aloqa (10,6 million so’m) hamda logistika (6,9 million so’m) sohalariga to’g’ri keladi. Biroq ushbu sektorlarda faoliyat yuritib kelayotgan ayollar va erkaklar ulushini proporsional deyish qiyin:

● Moliya va sug‘urta: ayollar — 34,8%, erkaklar — 65,2%
● Transport va logistika: ayollar — 7,2%, erkaklar — 92,8%
● Axborot va aloqa: ayollar — 32,3%, erkaklar — 67,7%

Qaysi davlatlar “shisha shift”ga qarshi samaraliroq kurashmoqda?

Gender tengsizligi va ayniqsa “shisha shift”ga qarshi kurash davlat siyosati va jamiyat zimmasiga ham tushadi. Davlat mehnat sohasida ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi yangi qonunni tasdiqlasa-da, bu o’z-o’zidan amaldagi holatning rasmiy me’yorlarga mos kelishini anglatmaydi.

O’zbekistonda haqiqiy vaziyatni tahlil qilish mumkin bo’lgan statistik ma’lumotlarni topish ham qiyin: milliy statistika tizimi gender tengligi va munosib mehnat haqida yetarli ma’lumot taqdim etmaydi. Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xulosasiga ko’ra, ushbu sohada davlat tomonidan kengroq va tizimliroq chora-tadbirlar yetarlicha amalga oshirilmayapti, ya’ni mehnat sohasida tenglikka erishish bo’yicha asosiy ishlar hali oldinda.

Yil sayin gender tengligi reytinglarida Skandinaviya mamlakatlari yetakchi o’rinlarni egallab kelmoqda: gender bo’shliqlari indeksining so’nggi natijalariga ko’ra, birinchi uch o’rinlar Islandiya, Finlyandiya va Norvegiyaga to’g’ri keladi, Shvetsiya ro’yxatda beshinchi o’rinda joylashgan.

SHVETSIYANI MEHNAT SOHASIDA SAMARALI GENDER SIYOSATI OLIB BORAYOTGAN DAVLAT SIFATIDA MISOL QILIB KELTIRISHIMIZ MUMKIN. BU MAMLAKATDA GENDER TENGLIGINI TA'MINLASHGA INTILISHNING ASOSI FAQATGINA ADOLATNI TA’MINLASH EMAS, BALKI SHU ORQALI IQTISODIYOT HAMDA IJTIMOIY SOHA RIVOJLANISHIGA ISHONISHDIR.

Shvetsiyada gender siyosati nafaqat davlat, balki jamoat institutlari tomonidan ham amalga oshiriladi: Sanoat va mehnat vazirligi qoshidagi Teng imkoniyatlar bo’yicha komissiya, Tenglik masalalari bo’yicha kengash, Kasaba uyushmalari kengashi va turli jamoat harakatlari faoliyat yuritib keladi. Bundan tashqari, gender siyosatini amalga oshirish uchun Tenglik masalalari bo’yicha vazir, Teng imkoniyatlar bo’yicha ombudsman, mintaqaviy darajada esa gender tengligi bo’yicha mutaxassislar mas’ul.

Gender tengligi siyosati olti asosiy sohaga bo’lingan bo’lib, bu sohalarda tengsizlik muammosi nisbatan ko’proq uchraydi: hokimiyatdagi tenglik, iqtisodiy tenglik, teng ta’lim va unga kirishdagi teng imkoniyatlar, uy ishlari va bola parvarishiga sarflanadigan haq to’lanmaydigan mehnatni teng taqsimlash, sog‘liqni saqlash bo’yicha teng huquqlar, zo’ravonlikdan himoyalanganlik.

Shvetsiya o’tgan asrdayoq gender tengligi bo’yicha siyosatni rejalashtirishga ulgurgan, buning uchun normativ-huquqiy baza rivojlantirilgan: 1971-yilda ayollar va erkaklar uchun alohida soliq solish tizimi joriy etilgan, bu ayollarni ishlashga undash maqsadida amalga oshirilgan; 1980-yilda ish joyidagi gender diskriminatsiyasi noqonuniy deb topilgan; 1991-yilda esa iqtisodiy sohada erkaklar va ayollar uchun “Teng imkoniyatlar” to’g‘risidagi qonun qabul qilingan. Oxirgi ma’lumotlarga ko’ra, ayollar va erkaklar orasidagi mehnat haqi farqi atigi 4,4% ni (erkaklar foydasiga) tashkil etadi.

Shvetsiya dunyoda birinchi bo’lib gender-neytrallikka asoslangan dekret ta’tilini joriy qilgan mamlakatga aylandi. 1974-yildan boshlab har bir ota-ona davlat hisobidan bir oylik bola parvarishi uchun ta’til olish huquqiga ega. Bu kasbiy hamda oilaviy rollar orasida muvozanatni saqlab qolishga va vazifalarni ikkala ota-onaga teng taqsimlashga yordam bergan, zero oilaviy majburiyatlar faqat ayollar zimmasida emas.

Shvetsiyada gender siyosatini amalga oshirishning yana bir vositasi genderga yo’naltirilgan byudjetdir. Bu mablag‘lar gender tengligi talablarini tahlil qilish va barcha uchun teng imkoniyatlarni amalga oshirishni hisobga olgan holda taqsimlanadi.

Xulosalar

Mehnat sohasi va boshqa ko’plab jabhalardagi tengsizlik jamiyatning rivojlanishiga to’sqinlik qilib, alohida shaxslarning o’z salohiyatlarini amalga oshirishlariga cheklovlar qo’yadi. Gender bo’yicha ajratish va segregatsiya qilish (kamsitish) boshlang’ich ta’lim, oliy ta’lim va kasb tanlashda shaxslarni chalkashtiradi, keyin esa ularga o’zi aslida qaysi soha qiziqarliroq ekanligini, nimani yaxshiroq eplay olishlarini va qaysi soha / kasb orqali jamiyatga ko’proq foyda keltirishlari mumkinligini tushunishlariga to’sqinlik qiladi. Ko’p hollarda, insonlar, mavjud qarashlar va jamoatchilik fikri bosimi ostida, agar ma’lum bir faoliyat turi ularning jinsiga “mos kelmasa”, bu sohada o’z qobiliyatlarini rivojlantirishni istashmaydi.

O’zbekistonda ayollar iqtisodiy faol aholining deyarli yarmini tashkil qiladi, biroq ularning yarmidan kamrog’i ish bilan ta’minlangan va ayollarning ishsizlik darajasi erkaklarnikiga nisbatan ikki barobar yuqori. Biroq, mavjud tengsizlik va diskriminatsiyaning ildizi jamiyat tomonidan yaratilgan fikrlarga borib taqaladi, demak, buni o’zgartirish mumkin.

Ayollar va erkaklar mehnat bozorida teng ishtirok etishi va, minimal darajada bo’lsa ham, munosib ijtimoiy himoya ta’minlanishi iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va o’sishi yo’lida muhim shart hisoblanadi.

BULARNING BARCHASINI KIM BAJARDI

Alina Voznyuk — tadqiq qildi hamda materialni yozdi
Yana Modelova — tuzatdi, tahrirladi va prevyu tayyorladi
Lenochka — tekshirib chiqdi