Skip to main content

Filmed in Uzbekistan: zamonaviy o’zbek kinematografiyasi qay holatda?

tahlil

So’nggi yillarda O’zbekiston kinematografiyasi anchagina e’tiborga tushmoqda – Toshkent va Samarqandda birinchi darajali yulduzlar ishtirokida xalqaro kinofestivallar o’tkazilmoqda, mahalliy hujjatli filmlar yaratuvchilari esa Yevropada tomoshabinlar e’tirofini qozonib kelmoqda. Biroq, mualliflik yoxud hujjatli kino kamdan-kam hollarda katta ekranlarga chiqarilib, taxmonlarda “yopiq”ligicha qolib ketmoqda, keng omma uchun mo’ljallangan filmlar esa moliyaviy tanglik va zamonaviy texnologiyalarning yetishmovchiligi bilan to’qnash kelmoqda. Hozirda o’zbek kinematografiyasi qay holatda va qo’shni davlatlar misolida holatni yaxshilash mumkinmi – keling, ekspertlar bilan birgalikda tahlil qilib ko’ramiz.

O’zbek kinematografiyasining qisqacha tarixi

O’zbekiston hududida birinchi hujjatli film yaratuvchisi va operator sifatida Xudoybergan Devonov ismi tilga olinadi. U o’ziga to’q oiladan chiqqan bo’lib, nemis kino ixlosmandi Vilhelm Pennerning shogirdi bo’lgan. XX asrning boshlarida Devonov Xorazmga “PATE” № 593 kinokamerasini olib kelib, Xiva xoni Asfandiyor haqida birinchi syujetni suratga oladi. Keyinchalik, 1930-yillarning oxirida Xudoybergan Devonov siyosiy mahbuslar lageriga surgun qilinib, u yerda vafot etadi. 1958-yilda kinooperator reabilitatsiya qilinib, oqlanadi.

O’zbek kino tarixining yanada “ommaviylashuv” davri 1920-yillarga, ya’ni “Sharq yulduzi” kinozavodi hamda “O’zbekdavlatkino” (“Uzbekgoskino”) birlashmasi tashkil etilishi davriga mos keladi. Kinematografiya mamlakatdagi ijtimoiy va siyosiy o’zgarishlarni aks ettirgan holda, to’lqinsimon ravishda rivojlanib boradi. Eng yorqin filmlar sifatida “O’tgan kunlar” romanining ekranlashtirilishi va “Mahallada duv-duv gap” filmi shuhrat qozonadi.

O’zbekiston mustaqillikka erishgach, mahalliy kino olamida endilikda eski sovet an’analaridan uzoqlashib, yangi janrlar, jumladan dramalar va komediyalar faol tadqiq va tatbiq etila boshlaydi. O’tmishni qayta anglash 80-yillarning oxiridayoq “Siz kimsiz?” filmi bilan boshlanib, bu jarayon birinchi o’zbek fantastik filmi “Abdullajon, yoki Stiven Spilbergga bag’ishlov”da davom etadi. 1998-yillardan esa o’zbek kinosi uslub va mavzularida milliylikka urg’u berila boshlaydi, bunga misol tariqasida Melis Abzalovning “Chimildiq” yoki Sobir Nazarmuhamedovning “Chayongul” kabi filmlarini keltirish mumkin.

Elmira Hasanova

Ssenarist va kino tahlilchisi

— Mustaqillik yillarida olingan qaysi o’zbek filmlarini ajratib ko’rsatgan bo’lar edingiz va nima uchun?

— Buni bo’rttirish deb tushunmang-kuya, lekin postsovet maydonidagi kam sonli davlatlar o’laroq O’zbekiston hukumati tomonidan og’ir kechgan 1990-2000-yillarda milliy kinematografiyani saqlab qolish uchun ko’p harakat qilingan. Faqat bizda davlat byudjetidan badiiy filmlar, animatsion va hujjatli filmlarni rivojlantirish uchun mablag’lar ajratilgan. Haqiqatan ham, boshqa mamlakat kinematograflari bizga bu borada havas qilishgan.

1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshlarida bizda Yusuf Roziqov va Janik Fayziyevlar ishlashar edi. Yusuf Roziqovning “Ayollar saltanati”, “Voiz”, “Dilxiroj” kabi filmlarini sanab o’tish mumkin. Albatta, Zulfiqor Musoqov, Kamara Kamolova, Sobir Nazarmuhamedov kabi ijodkorlarning asarlari, ularning filmlari ko’plab xalqaro kinofestivallarda tan olinib, milliy kino “oltin fondiga” kiritilgan, shuningdek, sovet davridagi professional kino san’atidan bugungi mustaqil o’zbek kinosiga “ko’prik” vazifasini o’tagan.

 

Yangi avlod o’zbek kinematograflari tomonidan suratga olingan filmlar haqida gap ketganda, birinchi galda Yolqin To’ychiyevning (“Chashma”, “Postskriptum”, “Faridaning 2000 qo’shig’I”), Ayub Shahobiddinovning (“O’tov”, “Parizod”), Mansur Abduxoliqovning (“Quduq”) kabi filmlari yodga tushadi. Men Umid Xamdamov, Sarvar Karimov, Jahongir Qosimov, Shokir Holiqov kabi juda kuchli rejissorlarning ijodiy ishlarini diqqat bilan kuzataman — ular chuqur ma’noga ega, yaxlit asar yaratish uchun filmning muhitini ochib bera olishadi, san’atkorona fikrlay olishadi, kamera va aktyorlar bilan to’g’ri ishlash mahoratiga egalar.

 

Albatta, men hozir faqat mualliflik kinosi haqida gapiryapman, ya’ni pul topish uchun emas, balki mualliflarning o’z fikrlarini bildirish, atrofdagi hayotni tushunish, o’z davrini tahlil qilish uchun yaratilgan asarlari haqida… Eng ajablanarlisi, bizda parallel ravishda, haqoratomiz bo’lsa-da, “xon-taxta” deya nom qozongan tijoriy kino fenomeni ham juda rivojlanib bordi.

Kinoteatrlar ekranlariga yiliga 50 dan ortiq kinokartinalar chiqqan davrlar bo’lgan, bu kinokartinalar xususiy studiyalarda suratga olingan. Tomoshabinlar kinoteatrlarga otilishardi. Rustam Sa’diyev, Jahongir Ahmedov, Abduvohid G’aniev kabi rejissorlar nomlari quloqda jaranglar edi. Bizda o’zimizning “kinoyulduzlar paradi”miz paydo bo’ldi, va titrlarda Adiz Rajabov, Dilnoza Kubayeva, Alisher Uzoqov, Shahzoda Matchonova va ko’plab boshqa aktyorlar ismlari bo’lishi – bu tomoshabinlar muvaffaqiyatining kafolati edi.

O’ZBEK FILMLARINI ROSSIYA TELEKANALLARI JON DEB SOTIB OLISHGAN

Lekin… Afsuski, bu o’zbek kino avj olgan davri o’tmishda qolib ketdi. Oxirgi uch yil davomida tomoshabinlar yodida qolgan yoki “A” toifali kinofestivallarda e’tibor qozongan filmlarni aytish juda qiyin. Pandemiyadan keyin kinoteatrlar bo’shab qolgancha, hali hanuz tiklanmadi.

Bu tanazzulning obyektiv sabablari talaygina, masalan, raqamli platformalarning paydo bo’lishi, kino internet maydoniga ko’chishi… Subyektiv sabablari ham bor, ko’plab ajoyib rejissorlar so’nggi mashhur mojarodan keyin “O’zbekkino”ning yangi rahbariyatidan yuz o’girishdi (bu yerda “O’zbekkino”ga nisbatan qilingan tanqid haqida gap ketmoqda – tahr. Hook), hamda tushunib yetishdiki, Firdavs Abduxoliqov, sobiq “televideniyechi” sifatida, o’z sa’y-harakatlarini serial ishlab chiqarishga yo’naltirar ekan. Holbuki, buning uchun “O’zbektelefilm” MChJ mavjud.

— O’zbekistonda kinematografiyaning rivojlanishida asosiy to’siqlar nima?

— Kinematografiya madaniyatdagi juda murakkab hodisadir. Bu bir vaqtning o’zida ham yuqori san’at, ham ommaviy madaniyat, ham mafkura, shuningdek, kino ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash, kinoprokat, kinoteatrlarga xizmat ko’rsatishga asoslangan iqtisodiyotning butun boshli bir tarmog’i hamdir.

Bugungi kunda bizning kinematografiyamiz stagnatsiyaga (turg’unlikka) uchragan. Buning ham ko’plab sabablari bor, nazarimda. Ular o’zaro bog’liq.

• Rahbariyatning xohish-irodasi yo’q, qiziqarli, original, yuqori malakali ssenariylar uchun “buyurtma”lar yo’q — bu esa endi davlat byudjeti bilan moliyalashtiriladigan yaxshi kinokartinalar bo’lmaydi degani.

• Diqqatga sazovor milliy kinokartinalar yo’q — tomoshabin kinoteatrlarga bormaydi… Tomoshabin kinoga bormay qo’yadi, demak, xususiy va mustaqil kino ishlab chiqarish sohasi o’ladi. Natijada, yangi zamonaviy kinoteatrlarni qurishning ma’nosi qolmaydi. Bu esa yopiq doirani hosil qiladi.

Albatta, bunga qarshi argument sifatida zamonaviy dunyoda onlayn-platformalar borligini va endilikda hech kim oilasi yoki do’stlari bilan vaqt o’tkazish uchun kinoteatrlarga allaqachon bormay qo’yganini aytib o’tish mumkin.

Lekin bunga qarshi misollar ham yo’q emas. Masalan, Rossiyada, sanksiyalarga hamda chet el kinoprokatlarining ketishiga qaramasdan, kinoteatrlarda kino ko’rish avjiga chiqqan, mahalliy kino san’atining yuksalishi, yuqori sifatli va ko’rishga arzirli filmlarning katta ekranlarga va onlayn-platformalarga chiqishi kuzatilmoqda.

— Unda nima qilish mumkin?

— Avvallari bizning davlat kinematografiyamizda rejalashtirish mavjud edi, turli janrlar bo’yicha “ssenariy portfeli” shakllantirilar edi: “g’oyaviy” kino, ko’ngilochar va janr kinosi, bolalar kinosi va h.k. foizlari ko’rsatilar edi.

• Ehtimol, yana shunday amaliyotga qaytishimiz kerakdir va aynan janr kinematografiyasidan boshlash kerakdir, balki shunda tomoshabinlarimiz kinoteatrlarga qaytib qolishar. O’zimizning “Cheburashka”mizni topish. Kinossenariylar bo’yicha ochiq tanlov o’tkazish. Byudjetdan ajratilgan mablag’larni faqatgina o’z mualliflari uchun taqsimlayvermaydigan shaffof badiiy kengashlar tuzish, janjallarni unutish hamda buyurtma uchun emas, balki rostan ham ajoyib, sifatli bo’lgan filmlarni suratga olishni qiziqarli deb hisoblaydigan tajribali professional rejissorlarni qaytarish kerak.

• Kino san’atini rivojlantirish fondini yaratish, fondni esa telekanallarning kinofilmlarda reklamalarni aylantirish evaziga oladigan mablag’lari hisobidan shakllantirish.

• Qonun bilan telekanallarni filmlar namoyish etish huquqlarini sotib olishga hamda kinofilmlar yaratuvchilari va kinostudiyalarga “royalti” to’lashga majbur qilish.

— Hujjatli kinoda aniq siljishlar bor, u faol rivojlanmoqda. Boshqa janrlar-chi?

— Bizda ko’plab hujjatli filmlar suratga olinmoqda — o’rtacha yiliga 40 ta. Shuningdek, mamlakatning hujjatli (xronikal) yilnomasi ham yuritilmoqda. Ko’pincha bizning hujjatli film ishlab chiqaruvchilarimiz mamlakatning mashhur shaxslari biografiyalariga bag’ishlangan filmlarga murojaat qilishadi, o’tmish voqealarini, ko’pincha siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlarga urg’u berib, hikoya qiluvchi rekonstruksiya filmlari suratga olinadi. Va albatta, o’zbek hujjatli film ishlab chiqaruvchilarining sevimli janri — madaniy deb ataluvchi filmlar. Ularda o’zbek xalqining an’analari, urf-odatlari, hunarmandchiligi ochib beriladi. Ularning orasida ko’plab turistik kartochkalar — Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarning go’zalliklari haqida tinmay so’zlovchi filmlar juda ko’p.

Bularning barchasi mujmal va qizig’I yo’q. O’zining g’ayrioddiy dramaturgiyasi, qiziqarli rejissurasi, noan’anaviy montaji bilan ajralib turadigan filmlardan birontasini ham eslab qolish juda qiyin. Yana qaytarib o’taman, men davlat buyurtmasiga asosan suratga olinganlarini nazarda tutyapman.

Oxirgisidan faqat bizning korifeyimiz Shuhrat Mahmudovning “Matonat” asarini keltirib o’tishim mumkin. Juda yaxshi rejissura, hujjatli yilnoma bilan ishlay olingan, badiiy rekonstruksiyadan foydalana olingan.

Yana bir narsa yodimda qolgan. Yaqinda “YouTube”da yosh mustaqil rejissor Farhod Abdujalilovning “Ko’cha ovozi. Malik” deb nomlangan qiziqarli filmi paydo bo’libdi. Bu film-kuzatuv bo’lib, juda oddiy ishlangan, betakalluf, havaskorona suratga olingan. Filmning bosh qahramoni – Malik, bolaligidan beri yerto’lalarda yashab keladigan uysiz bir yosh yigit. U shisha va plastik idishlarni hamda qog’ozlarni axlatdan yig’ib olib, sotish orqali pul topadi. Malik, shuningdek, havaskor shoir va reper.

Muallif hech narsani izohlamaydi, faqatgina Malik tomon ergashadi – mushtlashuvlar, militsiyaga olib ketilishlar va giyohvand moddalar bor bir jang maydoniga. Ehtimol, boshqa har qanday mamlakat uchun bunday filmning paydo bo’lishi ahamiyatsiz bir holatdir. Madaniy hayotda g’ayrioddiy yoki g’alati bir narsaning o’zi yo’q. Ammo O’zbekiston sharoitida bu haqiqiy sensatsiya bo’lib ulgurdi. Mana ba’zi tomoshabinlar izohlari, ular har qanday tanqiddan ham oshadi (mualliflarning fikrlari asli rus tilidan o’zbek tiliga o’girilgan):

“Vanihoyat, O’zbekistonimizning oddiy odamlari haqida video”, “Shahar ko’chalarining asl haqiqati”, “O’zimga yeyishga hech narsa yo’q edi. Mushuklarni va kichkintoylarni boqdim. Malik, hayot qiyin, lekin Alloh senga yaxshi yurak bergan. Alloh seni asrasin. Rolikni ko’rib, yig’layapman. Bu yaxshi bolaga qanday yordam berish mumkin?”.

Afsuski, O’zbekistonda rostdan ham bunday erkin va samimiy hujjatli filmlar juda ham kam.

SHAXSAN MEN UCHUN, BUGUNGI O’ZBEKISTONNING HUJJATLI KINOSI — BU ZIDDIYATLI TO’PLAM: BIR TOMONDAN, BUYURTMA ASOSIDA YARATILGAN, MUJMAL, DAVLAT STUDIYASIDA BIR MARTAGINA VA BUTUN UMRGA TASDIQLANGAN QOLIPLAR BO’YICHA SURATGA OLINGAN ULKAN FILMLAR OQIMI BO’LSA, IKKINCHI TOMONDAN — NOYOB, LEKIN KO’PLAB ZIDDIYATGA SABAB BO’LGAN MUSTAQIL FILMLAR.

Ular yoki estetik, nozik did bilan suratga olingan film-kartochkalar shaklida, yoki G’arb NTTlari tomonidan yaxshi ko’riladigan dolzarb mavzularni olib chiqqan holda suratga olingan filmlar shaklida yaratilgan. Lekin ular orasida na dramaturgiya va na montaj sohasida qiziqarli, yangilik bo’lgan – samimiy va o’tkir asarlar bor.

— Oddiy fuqarolar kinematografiyani rivojlantirishda qanday hissa qo’shishlari mumkin?

— Bu savolga javob berish qiyin. Albatta, bizda kinoklublar uchun o’z maydonlarimiz paydo bo’layotgani – juda quvonarli holat.

Tomoshabinlar qiziqarli filmlarni ko’rish va muhokama qilish uchun yig’ilishmoqda. Fokus kino maktabi qoshida kinoklub bor, Oleg Karpov tomonidan filmlar namoyish etuvchi 139 Documentary Center, Eco-kafe. Telegram kanallarda o’z videolarini, klip va qisqa metrajli filmlarini namoyish etuvchi yosh kinorejissorlar guruhlari borligini ham bilaman. Bizning yigitlar “48 soat ichida suratga olish” loyihasida ishtirok etishayotganidan xursandman.

Lekin baribir, “Kinoafisha” loyihasi yoki Oleg Karpovning video-art festivali kabi quyidan keladigan shunday tashabbuslar yetishmayapti. Yillar o’tgani sayin, yoshlar uchun Pro-logue va “Ijodiy Parvoz” kinofestivallari unutilib ketdi.

Bir necha yil oldin tanishlarim eng yaxshi kino loyihalari uchun xalq mablag’larini yig’ish uchun kroudfanding platformasini yaratishga urinib ko’rishdi. Lekin bu ish bermadi va bu g’oya o’z nihoyasiga yetdi. Ehtimol, qachonlardir qandaydir kino tashabbusi tug’ilar, agar kino jamoatchiligida shunday ehtiyoj paydo bo’lsa. Lekin, menimcha, kino yoshlari, ayniqsa, VGIK (S. A. Gerasimov nomidagi Rossiya davlat kinematografiya universiteti – Hook tahr.) va boshqa kino maktablari talabalari ham, yuqoridan ko’rsatmalarsiz ham, o’z jamoalarini tuzib, o’z festivallari va namoyishlarini tomoshabinlarni taklif qilgan holda o’tkazishlari mumkin.

Tez orada buni ko’rishimizga umid qilaman!

Qo’shni davlatlarda qanday?

Zamonaviy qozoq kinosining bir misoli — “Kelinka Sabina” franshizasi. Ushbu filmlar seriyasi Olma-otalik qiz Sabina sarguzashtlari haqida hikoya qiladi, u arab shayxiga turmushga chiqishni orzu qiladi, lekin yakunda olis aulda bir cho’ponning xotiniga aylanadi. Nurtas Adambaev tomonidan 2014-yildan 2022-yilgacha yaratilgan trilogiya nafaqat tomoshabinlar muhabbatini qozongan, balki ko’plab taqlidchilarni ham yaratib, Adambaevni qozoq komediyasining yulduziga aylantirgan.

Biroq, tomoshabinlarning qozoq komediyasiga bo’lgan e’tibori ArtDealers birlashmasining ijodiyoti tufayli o’zgardi. “Janym, ishonmaysan” (“Жаным, ты не поверишь”) (2020) va “O’l, lekin esla” (“Умри, но вспомни”) (2023) filmlari, o’zgacha yondashuvi va qora yumori bilan boshqa ishlardan ajralib, qozoq kinosida yangicha yo’nalish bo’ldi. Bu ishlar, slasher, trash va postironiya elementlarini birlashtirib, syujetning originalligi va personajlarning chuqur ishlab chiqilishi bilan xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Shu bilan birga, Adilhan Yerjanovning yangi ishlari ham paydo bo’lmoqda. “Qora, qora odam” (Чёрный , чёрный человек) (2020) va “Goliaf” (2022) filmlari, koreys neonuaridan vesterngacha bo’lgan janrlar va uslublar noyob aralashmasini, biblik mifologiya elementlari bilan namoyish etadi.

LEYLA RAHMATULLAEVA

Toshkentdagi VGIK (S. A. Gerasimov nomidagi Rossiya davlat kinematografiya universiteti – Hook tahr.) filialining talabasi

— O’qishingiz qanday o’tadi, oddiy kun misolida aytib bera olasizmi?

— Darslar soat 9–11 larda boshlanadi. Odatda, bizda to’rt juft dars bo’ladi, ixtisoslik bo’yicha fanlar va davlat tomonidan talab qilingan majburiy fanlar, masalan, jismoniy tarbiya yoki o’zbek tili. Bizda ma’ruza va amaliy mashg’ulotlar o’tkaziladi — masalan, montaj. Darsda bizga biror narsani suratga olish yoki sahna ko’rinishi yaratish topshirig’I berilishi mumkin. Darsdan keyin biz ko’pincha topshiriqlarni suratga olish, etyudlarni repetitsiya qilish yoki biror qo’shma ishni bajarish uchun qolamiz. Institut juda ko’p vaqt talab qiladi, biz deyarli bu yerda yashaymiz.

— Zamonaviy o’zbek kinosini o’rganasizmi, u haqida nima bilasiz?

— Aniq aytadigan bo’lsam, institutda juda kam. Mening zamonaviy o’zbek kinematografiyasi haqidagi bilimlarim shaxsiy qiziqishlarim va izlanishlarimdan iborat. Masalan, Saodat Ismoilovaning ishlari meni juda ilhomlantiradi. Oleg Karpov va Umida Ahmedovaning hujjatli ishlarini ham yaxshi ko’raman. Lekin hozirgi yaxshi o’zbek badiiy kinosi haqida juda oz narsa eshitganman, afsuski.

— O’zbekistonda kino sohasini rivojlantirishda qanday asosiy qiyinchiliklar mavjud deb o’ylaysiz?

— Shuni aniq ayta olamanki, kinematografiya sohasida yaxshi mutaxassislar yetishmasligi katta muammo, shundan kelib chiqqan holda, chiqarilayotgan filmlar soni ham shuncha kam, masalan. Kino oliy o’quv yurtlarida ham, “O’zbekfilm”da ham yaxshi texnika yetishmaydi. Texnikani xususiy egalardan ijaraga olishga to’g’ri keladi, bunga ham pul kerak bo’ladi, bu ham muammo.

— Kelajakda bu sohada qolishni istaysizmi?

— Kelgusida qanday vaziyatlar yuzaga kelishini bilmayman, lekin ijodiy muhitda albatta qolaman. Aniq qaysi yo’nalishda bo’lishimni bilmayman — badiiy kino suratga olishda davom etamanmi yoki hujjatli kinoga o’tamanmi, balki 10 yildan keyin kino sanoati sun’iy ong (sun’iy intellekt) tufayli parchalanib ketar. Lekin istak bor, ha, men suratga olishni juda istayman. O’zbekiston haqida va to’g’ridan-to’g’ri o’zbek tomoshabinlari uchun suratga olishni xohlardim. Lekin aynan o’zim uchun qiziq bo’lgan narsalarni ko’rsatib va aytib bergim keladi, boshqalarning aralashuvisiz. Aynan o’z fikrlarim va g’oyalarimni yetkazgan bo’lar edim.

Hozir o’zbek kinematografiyasi bir joyda qotib qolgan. Menimcha, yangi, erkin o’zbek kino to’lqinining paydo bo’lishi ehtimoli katta.

— Sizni qanday mavzular tashvishga soladi, O’zbekistondagi ishingizda qaysi mavzularni ko’tarishni xohlaysiz?

— Men aynan Markaziy Osiyo afsona va rivoyatlarini o’rganishni xohlardim. Hozir bu men uchun bir qorong’u o’rmon kabi, lekin shu sababli ham qiziq. Shuningdek, tarixda va hozirgi jamiyatda ayollar mavqeini aniq ko’tarishni istardim. Men uzoq kelajakni ko’ra olmayman va buni istamayman ham, biroq, men aynan shu bilan shug’ullanishni o’ylab turibman.

Qayerdan filmlarni izlab topish mumkin?

Hozirgi vaqtda Toshkentda bir qancha kinoklublar mavjud, bu yerda muntazam kino ko’rsatiladi, ba’zan zamonaviy o’zbek kinosi ham:

Cinemalove

Paradiso kinoklubi

139 Documentary Center’dagi namoyishlar

Qanday qilib o’zbek kinematografiyasini qo’llab-quvvatlash mumkin?

• Premyeralarga, maxsus ko’rsatuvlarga, mahalliy kinofestivallarga boring

• Filmlarni muhokama qiling va tavsiya qiling. Mahalliy kinematografiya haqida qanchalik ko’p odam bilsa, uning rivojlanishi ehtimoli shunchalik yuqori bo’ladi.

• Salbiy bo’lsa ham, taqrizlar yozib qoldirishdan qo’rqmang.

BULARNING BARCHASINI KIM BAJARDI?

Anastasiya Galimova – ekspertlar bilan suhbatlashdi, maqolani yozdi

Yana Modelova – tahrir qilib chiqdi

Boris Jukovskiy – prevyu tayyorladi

Lenochka – tuzatib chiqdi