Skip to main content
maxsus loyiha

Kelinglar, ehtiyot shart sug‘urtalanamiz: O‘zbekistonning sug‘urta kompaniyalari qanday ishlaydi

Sug‘urta polisini sotib olar ekanmiz, bir savolni bermaslikning iloji yo‘q: axir qanday qilib ozgina badal puli to‘lab, katta miqdordagi tovon pulini olamiz?

Hook sug‘urtalashga oid ana shu va boshqa masalalarni tahlil qilishga ahd qildi va GROSS kompaniyasi bilan birgalikda «Sug‘urtalar tarixi» rukni ostida O‘zbekiston sug‘urta bozorining o‘ziga xosliklari bayon etilgan, shuningdek sug‘urta mavzusidagi eng mashhur uydirmalar hamda savollarga javob beruvchi materiallar to‘plamini tayyorladi.

Ushbu maqolada biz ekspertlar bilan birgalikda kompaniyani tanlashda qanday qilib adashmaslik, sug‘urta agenti bilan ishlash qanchalik darajada manfaatli bo‘lishi mumkinligi va nafaqat ko‘chmas mulk, balki salomatlikni sug‘urtalash ham muhimligini tahlil qilamiz.

Sug‘urtalash tarixi

Insoniyat yaralibdiki, o‘z hayoti, mol-mulki va sarmoyasidan xavotir hissi uning taraqqiyot yo‘lidagi ajralmas hamrohi bo‘lgan. Qadim zamonlardayoq odamlar o‘z boyliklarini o‘g‘rilarga oldirish yoki o‘lim topish xavfidan xoli tarzda ko‘paytirish yo‘lini izlaganlar.

Eng dastlabki sug‘urtalash shakllaridan biri Qadimiy Mesopotamiya va Bobilda qariyb eramizdan avvalgi III–II ming yillikda qo‘llana boshlagan. Hammurapi qomusi talon-tarojlik yoki kemalar halokati tufayli keladigan zararlarni qoplash uchun savdogarlar va ularning birlashmalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solgan.

Qadimgi Gretsiya va Rim o‘zining ijtimoiy sug‘urtalash shakllariga ega bo‘lgan — halok bo‘lgan jangchilarning bevalari va farzandlariga quroldoshlarining oilalari va maxsus kengashlar tomonidan yordam ko‘rsatilgan. Muayyan vaqtga kelib Rimda o‘ziga xos dafn klublari paydo bo‘lgan: ularga a’zo bo‘lgan odam hayoti davomida o‘zining dafn marosimi xarajatlari uchun badal to‘lab borgan.

O‘rta asrlar Yevropasida sug‘urtalash turli kasbiy gildiyalar a’zolari va savdogarlar orasida urf bo‘lgandi — sug‘urta badallari do‘kondorlar va ustalarga shogirdlarning o‘limiga sabab bo‘lgan baxtsiz hodisalar yuz berganda zararni qoplash va o‘lgan kishining oilasi bilan kelishuvga erishishda yordam bergan. Bu davrga kelib, kemalardagi yuklarni qaroqchilar va halokatlardan himoyalash uchun mo‘ljallangan dengizchilik sug‘urtasining ko‘lami va shuhrati ham ancha o‘sgan edi.

Sug‘urta sohasida katta rivojlanish sanoat inqilobi davrida yuz berdi — zavodlarning ommaviy tarzda qurilishi, sanoatlashtirish va bozor iqtisodiyoti jarayonlari ishchilarni o‘z hayotlari va salomatliklarini ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashga rag‘batlantirdi. Bu borada asosiy sug‘urta bozorlari hamon Yevropada edi: bunday g‘oyalar Amerikada sust ommalashar, Osiyo va Sharq mamlakatlarida esa o‘zlarining diniy aqidalar asosida boshqariladigan muqobil sug‘urta tashkilotlari bor edi.

Hozirda sug‘urtalash hayotning barcha jabhalariga — shifokorni tanlashdan tortib, avtomobil xaridigacha bo‘lgan jarayonlarga ham kirib bordi, kompaniyalarning ish tartiblari esa texnologik taraqqiyotga mos ravishda rivojlanmoqda.

Bugungi kunda sug‘urta kompaniyalari — nafaqat xavfsizlik vositasi, balki bir yo‘la bir nechta: sug‘urta polislarini rasmiylashtirishdan boshlab, to dividendlar va sarmoyalarni qo‘lga kiritishgacha bo‘lgan sohalarni qamrab olgan murakkab moliyaviy mexanizm hamdir.

Sug‘urta kompaniyasini tanlash va polisni rasmiylashtirish

Otabek Nazarov, Gross sug‘urta kompaniyasi boshqaruv raisi:

«Yaxshi obro‘ga ega sug‘urta kompaniyasini tanlash va xizmat ko‘rsatish sifatiga ahamiyat qaratish kerak. Bu o‘rinda mijozning kompaniya bilan qanday munosabat o‘rnatishini yaxshi tushunish muhimdir — axir bu insonning kelajakda o‘z-o‘zini ehtiyotlash uchun ehtimoliy xatarlarni sug‘urta kompaniyasi zimmasiga yuklashi hisoblanadi. 

Shartnomani imzolashdan oldin uni sinchkovlik bilan o‘qib chiqish shart. Sug‘urta kompaniyalarning reytingidan xabardor bo‘lish ham muhim, bu reyting regulyatorlar, masalan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA — Hook izohi!) tomonidan har uch oyda bir marta e’lon qilib boriladi. Bu ma’lumotlar kompaniyaning sug‘urta bozorida tutgan o‘rni, tovonlar to‘lash va badal yig‘ish ko‘lamini ko‘rsatib beradi. Shuningdek, kompaniyaning umumiy moliyaviy ahvolini ham bilib olish mumkin.»

Sug‘urta kompaniyasini tanlashda uning ustav kapitaliga, majburiy sug‘urtalash uchun litsenziyasi bor-yo‘qligiga hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligidagi reytingiga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, sug‘urta kompaniyasining xususiy tibbiy guruhi, avariya komissarlari xizmati mavjudligi va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatining nafaqat tungi vaqtda, balki xorijda ham ochiqligini inobatga olish kerak.

Mahalliy sug‘urta kompaniyalarining faoliyati va ularning mijozlar bilan  o‘zaro munosabatlari «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjatda sug‘urta kompaniyalari ishining asosiy tartiblari, shuningdek sug‘urta firmalarini rasmiy ro‘yxatga olish, litsenziyalashtirish va nazorat qilishdagi davlat ishtiroki belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha sug‘urta kompaniyalari aksiyadorlik jamiyati maqomiga ega va ularning faoliyatiga sug‘urta bozorining yirik ishtirokchilari hamda bo‘lajak potensial mijozlar tomonidan baho berilishi uchun o‘z ish ko‘lami haqida hisobot chop etib borishlari shart.

O‘zbekistonda sug‘urta kompaniyasi mijozi bo‘lishning bir nechta yo‘llari bor:

• Tegishli sug‘urta polisini onlayn tarzda kompaniya saytida kerakli hujjatlarni (pasport ma’lumotlari, avtomobilga egalik hujjatlari va hokazolar) ko‘rsatgan holda rasmiylashtirish va to‘lovni amalga oshirish. Olingan polisni chop etish yoki telefon xotirasiga saqlab qo‘yish, uning haqiqiyligini esa hujjatning pastki burchagidagi QR-kod yordamida tekshirish mumkin. Bu usul sayyohlik yoki avtomobillarni sug‘urtalash uchun juda mos keladi.

• Sug‘urta agenti bilan kompaniya ofisida shartnoma tuzish. Bu usul sug‘urtadagi barcha tavakkalchiliklarni hisobga olishi va sug‘urta qiymatini baholashi zarur bo‘lgan kishilar — ko‘chmas mulk egalari, firmalarning rahbarlari yoki xususiy tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirishni istovchilar uchun qulay. Bu holatda mijozga haqiqiy muhr bosilgan sertifikat — firma blankida sug‘urta agenti imzosi, uning va kompaniyaning muhri bosilgan sug‘urta polisi topshiriladi.

• Ishga joylashish paytidagi ixtiyoriy tibiiy sug‘urtalash bo‘yicha jamoaviy polisni (ITS) rasmiylashtirish. Jamoaviy ITS — korporativ madaniyatning muhim qismi bo‘lib, u kompaniya xodimlariga o‘z salomatligi haqida qayg‘urishda yordam beradi va tibbiy xizmatlar uchun sarf-xarajatlarning katta qismini qoplaydi.

• Marketpleyslar va sug‘urta agregatorlarida sug‘urta polisini sotib olish. Shunday qilib, sug‘urtani Zorgo, Osonsugurta yoki Sug‘urta Bozor marketpleyslarida rasmiylashtirish mumkin — kerakli polisni belgilab, ma’lumotlar kiritilsa va mos keladigan sug‘urta kompaniyasi tanlansa bo‘ldi. Misol uchun, Gross’ning sug‘urta mahsulotlari Road24 (yo‘l harakati sohasi servislari), Click (to‘lov tizimi va mobil banking), Beeline (uyali aloqa operatori) mobil ilovalarida, Bank.uz mustaqil moliya portali  hamda boshqa maydonlarda foydalanish uchun ochiq.

Kerakli hujjatlar:

pasport yoki ID-karta

transport vositasi ro‘yxatga olinganligi haqida guvohnoma (texpasport) — avtosug‘urta uchun

to‘ldirilgan anketa — polis kompaniya ofisida hamma kerakli ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda to‘ldirilganda

mol-mulk sug‘urtasini rasmiylashtirishda ko‘chmas mulkka oid bo‘lgan — mulkka nisbatan egalikni tasdiqlovchi hujjatlar, oldi-sotdi shartnomasi va hokazolar.

Sug‘urta agenti va sug‘urta kompaniyasi — aynan bitta shaxsmi?

Mutlaqo emas. Sug‘urta agentlari bir nechta kompaniyalarga ishlashi va mijozning ehtiyojlariga ko‘ra uning uchun eng maqbul sug‘urta shartnomasini taklif etishi mumkin. Agentlar sug‘urta polisining ishlash tartibini tushuntirishlari mumkin, biroq ular uning ijrosi hamda tovon puli to‘lanishi uchun mas’ul emaslar.

Kompaniya esa sug‘urtalash ishiga oid barcha jarayonlarni, jumladan tovon puli to‘lanishini ham boshqaradi. Sug‘urta firmalari polislarni joriy etadi va sotadi, mijozdan olingan moliyaviy vositalarni boshqaradi va ularni pul aylanmasiga jalb etadi.

Rustam Nazarov, Gross sug‘urta kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari:

«Sug‘urta agentining vazifasi — kompaniya xizmatlarini va sug‘urta mahsulotlarini sotish hamda ehtimoliy tavakkalchiliklarni baholashdan iborat. Yaxshi sug‘urta agenti  — bu yaxshi sotuvchi demak. Agentlar kompaniya ichida mijozlar bilan ishlovchi ofis xodimlari bo‘lishi ham, «ochiq maydon»da ishlovchi ishchilar bo‘lishi ham mumkin.

Sug‘urta agentining eng samarali faoliyat ko‘rsatkichi — uning har oylik sotuvlari hajmi va amalga oshirilgan sug‘urta polislari soni hisoblanadi.

Demak, sug‘urta agentlari faqat nima qilib bo‘lsin daromad qilishga intilar ekan-da, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin, ammo aslida bunday emas. Malakali mutaxassis mijozga u sotib olayotgan polisning hamma xususiyatlarini, tovon pulini olish yo‘llarini va noxush vaziyat yuz berganda sug‘urta firmasining qanday ishlashini to‘liq tushuntirishdan manfaatdordir». 

Ehtimoliy tavakkalchiliklarni baholash

Sug‘urta shartnomasini imzolash to‘g‘ridan to‘g‘ri sug‘urta kompaniyalari tomonidan potensial tavakkalchiliklarni baholashga bog‘liq bo‘ladi. Shartnomada qanchalik ko‘p nozik va noyaqqol jihatlar qayd etilgan bo‘lsa — baxtsiz hodisa ro‘y berganda tovon pulini to‘liq olish ehtimoli shunchalik ortadi.

«Sug‘urta kompaniyasi ehtimoliy tavakkalchiliklarni baholashda aktuariy deb ataluvchi mutaxassislarni jalb etadi. Mazkur malakali mutaxassislar o‘tkir zehnga ega bo‘ladilar va turli qonuniyatlar, masalan, yirik sonlar va ehtimollar qonuni, shuningdek har bir tavakkalchilik qiymatini hisoblash algoritmlari kabi qonunlarni qo‘llagan holda ishlaydilar.

Avtomobil bilan bog‘liq vaziyatda eng katta tavakkalchilik — bu YTH. Agar polisning umumiy qiymati 100 birlik deb olinsa, unda bu summaning taxminan 40 foizi YTHni qoplash uchun ajratiladi», — deydi Gross sug‘urta kompaniyasi boshqaruv raisi Otabek Nazarov.

Bularning hammasi qancha turadi?

Sug‘urta polisining bahosi bir nechta omillarga ko‘ra hisoblanadi.

Sug‘urtalash turi

Risklarni baholash — keksa kishilar uchun tibbiy sug‘urta yoshlar uchun tibbiy sug‘urtadan qimmatroq turadi, avtosug‘urtada esa buning aksi, ya’ni haydash tajribasi kam bo‘lgan haydovchilar tajribaliroq haydovchilarga nisbatan ko‘proq to‘laydilar

Qo‘shimcha xizmat soni — agar avtosug‘urtaga yo‘lovchilarni sug‘urtalash yoki yo‘llarda texnik yordam ko‘rsatish opsiyasi qo‘shilsa, polis bahosi ortadi

Sayohatlar yo‘nalishi — masalan, Yevropa yoki Amerika mamlakatlari uchun sayyohlik sug‘urtasi O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar uchun sayyohlik sug‘urtasiga nisbatan qimmatroq bo‘ladi 

Mol-mulkning holati — yangi qurilgan uylarni sug‘urtalash ikkilamchi bozor uylarini sug‘urtalashdan arzon, bu yangi qurilgan uylardagi xavfsizlik tizimlari va kommunikatsiya vositalarining yaxshi holatda ekani bilan bog‘liq

Statistika tahlili — sug‘urta hodisasining ro‘y berish ehtimoli qanchalik yuqori bo‘lsa, polis shuncha qimmat bo‘ladi

Bozordagi raqobatchilar — sug‘urta kompaniyalari eng ommalashgan holat bo‘yicha sug‘urta xizmatlari uchun narxlarni dempinglashi, ya’ni sun’iy tarzda arzonlashtirishlari mumkin

«Sug‘urta kompaniyasiga qancha ko‘p tavakkalchilik yuklansa, sug‘urta qiymati shuncha yuqori bo‘ladi. Bunda istisnolar sonini hisobga olish juda muhim — ular qanchalik kam bo‘lsa, sug‘urta shartnomasi shunchalik sifatli va ishonchli bo‘ladi va sug‘urta ko‘p hollarda xarajatlarni qoplashiga ishonch ortadi. Masalan, agar haydovchi o‘z xatti-harakatlariga ishonsa va hech qachon mast holda rulga o‘tirmasligini bilsa, u sug‘urta shartnomasidan bu tavakkalchilikni istisno qilishi mumkin, bu esa uning narxini pasaytiradi», —  deydi Gross sug‘urta kompaniyasi boshqaruv raisi Otabek Nazarov.

Pul aylanmasi

Mijozlar tomonidan to‘langan sug‘urta badallarining katta qismi kutilayotgan to‘lovlar va kompensatsiyalarga ko‘ra sug‘urta hodisalari bo‘yicha to‘lovlar uchun zaxirani shakllantiradi.

Olingan mablag‘larning bir qismini sug‘urta kompaniyasi hamkor banklardagi hisob raqamlariga qo‘yadi — bu bankning obro‘sini oshiradi va uning ishonchliligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Evaziga bank o‘z mijozlariga sug‘urta kompaniyasini tavsiya qiladi. Bundan tashqari, kompaniya daromad olish va to‘lovlar oshirilgan taqdirda qo‘shimcha mablag‘lar mavjudligini kafolatlash uchun ko‘chmas mulk, obligatsiyalar yoki qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritishi mumkin. Sug‘urta kompaniyalari o‘zgalar biznesi yoki oldi-sotdi bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas va mablag‘larni faqat qonun hujjatlarida ruxsat etilgan vositalarga yo‘naltirishi mumkin. Investitsiya imkoniyatlari qat’iy tartibga solinadi va kompaniyalar amaldagi me’yorlarga, shu jumladan chet eldagi investitsiyalar bo‘yicha cheklovlarga rioya qilishlari shart.

Mablag‘lar qisman muntazam amaliyotlar — binolarni ijaraga olish, xodimlar va mustaqil sug‘urta agentlariga ish haqi to‘lash uchun ishlatiladi. Qolgan summa reinvestitsiyalashga sarflanadi yoki kompaniyaning sof foydasini tashkil etadi. 

U holda to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?

Aytaylik, Hook’ning butun jamoasi bir vaqtning o‘zida sug‘urta polislarini rasmiylashtirishga qaror qildi. Shu bilan birga, sug‘urta kompaniyasi xizmatini talab qiladigan favqulodda vaziyat barcha xodimlar bilan bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi ehtimoli juda past. Biroq, agar ikki kishida bo‘lsa ham sug‘urta hodisasi yuz bersa, u holda tahririyatning barcha polislari umumiy summasidan shartnoma bo‘yicha tovon puli uchun mablag‘ ajratiladi. Mablag‘larning qolgan qismi sug‘urta kompaniyasi ichidagi pul aylanmasini davom ettiradi.

Agar yo‘nalishlardan birida tovon puli to‘lovlari miqdori oshsa — masalan, butun tahririyat kovid bilan kasallansa, kompaniya to‘lovlarni qoplash uchun o‘z zaxira fondidan risklar yuqori bo‘lmagan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mablag‘larning bir qismini olishi mumkin. Kelgusida ushbu «qarz» mablag‘lari tariflarni oshirish orqali qoplanadi.

«Hech kim sug‘urtaning real hayotda ishlashini xohlamaydi. Sug‘urta polisi — bu sug‘urta hodisasi hech qachon sodir bo‘lmasin, sug‘urtaning o‘zi esa kuyib qolsin, degan istak uchun sarmoya», — deydi Gross kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Nazarov.

Xizmatlardan voz kechish

Sug‘urta polisini tanlash va rasmiylashtirishda mijoz, agar sug‘urta agentining ish sifatidan qoniqmasa, uni almashtirishga haqli. Ammo polisni saqlab qolgan holda bir sug‘urta kompaniyasidan ikkinchisiga o‘tishning iloji yo‘q — shartnomani pulni qaytarish yoki uni olmaslik sharti bilan bekor qilishga to‘g‘ri keladi.

Agar siz sug‘urta polisini onlayn rasmiylashtirsangiz, unda imzolashdan oldin sug‘urta kompaniyasi bilan ishlash shartnoma shartlarining raqamli nusxasi — sug‘urtalash ofertasi bilan tanishib chiqishingiz kerak. Oferta shartlari (sug‘urta muddatlari, tavakkalchiliklar, sug‘urta mukofotlari) qabul qilinganda kompaniya bilan avtomatik tarzda sug‘urta shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

BU KIMNI ISHI?

Yana Modelova — material va vizual tayyorladi

Darina Solod — tahrir qildi

Feride Maxsetova — intervyu berdi

Lenochka — tuzatdi