Takaful — islom olamida sug‘urta qanday ishlaydi va uning afzalliklari nimada?
Sug‘urta bir necha ming yillik tarixga ega, chunki unga ehtiyoj qadim zamonlardayoq paydo bo‘lgan. Bu jarayon orqali inson hayoti, mol-mulki va hokazolarni sug‘urtalagan holda o‘zini kutilmagan holatlardan himoyalashi, zarar o‘rnini to‘ldirishi mumkin. «Sug‘urta hikoyalari» turkumi doirasida Hook nashri ekspertlar bilan O‘zbekistonda islom qoidalari asosidagi sug‘urta qanday ishlashi haqida suhbatlashdi.
Takafulning o‘ziga xos jihatlari
Sug‘urtalashga bo‘lgan ehtiyoj insonning nimani afzal ko‘rishi, hayotiy qarashlari va diniy e’tiqodi bilan cheklanmaydi, biroq, shunday bo‘lsa-da, islomda an’anaviy sug‘urta shakllari uchun to‘siqlar mavjud. Islom huquqshunoslari nuqtayi nazaridan, tijorat sug‘urtasi uchta taqiqlangan elementni: g‘arar (mavhumlik, chayqov), maysir (o‘yin, tavakkal, qimor) va riboni (sudxo‘rlik) o‘z ichiga oladi.
Shu sababli islomda o‘ziga xos sug‘urta turi — paychilik (ulushli, kooperativ) sug‘urtasi paydo bo‘lgan. Tijorat yoki an’anaviy sug‘urtadan farqli o‘laroq, uning asosida Shariatning eng asosiy tamoyillaridan biri – jabrlanganlarning mashaqqatini yengillashtirish maqsadi yotadi. Islom qoidalari asosidagi sug‘urta — takafulga 1985-yilda Saudiya Arabistoni Vazirlar kengashi huzurudagi Islom huquqshunosligi akademiyasi kengashining fatvosi bilan asos solingan. Fatvoda musulmon mamlakatlarida «Shariatning islomiy hamkorlik to‘g‘risidagi qoidalariga ko‘ra xayr-ehson va o‘zaro ko‘mak tamoyillari»ga asoslangan sug‘urtani rivojlantirish tavsiya etilgan.
Agar biron-bir sabab tufayli qaysidir musulmon mamlakatida takaful hali joriy etilmagan bo‘lsa, «favqulodda qoida»dan foydalanish mumkin. Unga ko‘ra, an’anaviy sug‘urta xizmatlaridan sug‘urta mahsuloti paydo bo‘lgunga qadar Shariat qoidalari doirasida foydalanish mumkin.
Takaful odatdagi sug‘urtalashdan nimasi bilan farq qiladi?
«O‘zaro» yoki paychilik sug‘urtasining asosiy vazifalari: kutilmagan hodisalardan ziyon ko‘rganlarning ziyonini birgalikda yopish, ularning manfaatlarini himoya qilish. Takafulning sug‘urta zaxirasi qatnashchilarning ixtiyoriy badallari hisobidan to‘ldirib boriladi, boshqaruvchi shu mablag‘dan tovon pullarini to‘laydi. Islomiy sug‘urtadagi barcha jarayonlar takaful kengashi tomonidan nazorat qilinadi, sug‘urta zaxirasidagi (ziyonni qoplash uchun komissiya mablag‘lari hamda boshqaruvchi (operator) komissiyasidan tashqari) ortiqcha mablag‘ paychilarga qaytarilishi mumkin.
Takaful ishtirokchilari ko‘ngilsiz voqea yuz bergan holatda bir-birlariga moliyaviy ko‘mak berish to‘g‘risida kelishuvni imzolaydi. Kelishuvni imzolanganlardan qay biri bilan bo‘lsa ham shunday voqea yuz bersa, sug‘urta to‘lovi umumiy jamg‘armadan to‘lanadi, qatnashchilar shu tariqa tavakkalchilik xatarlari va ko‘rilgan ziyonlarni o‘zaro taqsimlaydi. Agar Jamg‘armada taqchillik yuzaga kelsa, javobgarlik ham barcha ishtirokchilar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Sug‘urta hodisalari bo‘yicha to‘lovlar sug‘urta obyektining sug‘urta qiymatiga qaratilgan nisbat bo‘yicha miqdorda hisoblanadi.
Takaful-sug‘urta jamg‘armasi qanday shakllantiriladi?
ㅤ
«Islomiy sug‘urtada sug‘urta jamg‘armasi sug‘urta qildiruvchilarning badallari hisobidan shakllantiriladi, bu badallarni ular islomiy sug‘urtalash qoidalarida nazarda tutilganidek, turli voqea-hodisalar oqibatda ziyon ko‘rgan kishilarga xayr-ehson qilish uchun to‘laydi. Agar an’anaviy sug‘urtalashda sug‘urta kompaniyasi sug‘urta jamg‘armasining egasi hisoblansa, islomiy sug‘urtada u faqat jamg‘armani boshqaradi, xolos. Sug‘urta kompaniyasi sug‘urta jamg‘armasini boshqargani evaziga har bir sug‘urta badalidan muayyan miqdordagi ulushga ega bo‘ladi», — deydi GROSS sug‘urta kompaniyasi Boshqaruvi raisi Otabek Nazarov.
Sug‘urta kompaniyasi qanday maqsadlar uchun jamg‘armadan mablag‘ olishi mumkin?
ㅤ
«Islomiy sug‘urtada sug‘urta jamg‘armasi sug‘urta kompaniyasining mulki hisoblanmaydi, kompaniya faqatgina uni boshqaradi va buning uchun haq oladi. Jamg‘armadagi mablag‘ tovon puli to‘lovlari uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, sug‘urta kompaniyasi jamg‘arma uchun foizsiz qarz ajratadi va bu qarz kelgusida tushadigan sug‘urta badallari hisobidan qoplanadi. Sug‘urta kompaniyasi o‘z faoliyatini amalga oshiradi, ya’ni joriy xarajatlarni qoplaydi, soliq to‘laydi va sug‘urta hamda sarmoya kiritish bilan bog‘liq faoliyatni tashkillashtirgani uchun olgan pul mablag‘laridan daromad ko‘radi», — deydi GROSS sug‘urta kompaniyasi Boshqaruvi raisi Otabek Nazarov.
Sug‘urta shartnomasi mijoz bilan muayyan shartlarda tuziladi. «Mavhumlikka» yo‘l qo‘ymaslik uchun takoful-shartnomada noma’lum bo‘lgan birorta tavakkalchilik xavfliga yo‘l qo‘yilmaydi, barcha axborot ishtirokchilarga to‘liq ochiqlanadi. Shartnoma shartlari mutlaqo o‘zaro yordam asosiga qurilishi hisobiga har qanday o‘yinning (qimorning) oldi olinadi, sug‘urta jamg‘armasining ishtirokchilar tomonidan qilinadigan ehson-badallardan shakllanishi esa sudxo‘rlikka imkon bermaydi.
Kompaniyalar islomiy sug‘urtadan tushgan mablag‘larni sarmoya sifatida tasarruf etadi. Bu borada ham ma’lum cheklovlar amal qiladi, masalan:
• pul mablag‘larini Shariatda taqiqlangan faoliyat turlariga qaratish mumkin emas;
• qurol-yarog‘, alkogol ishlab chiqarish, qimorxona, restoran, mehmonxonalar ochish va yuritish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarning aksiyalarini xarid qilish orqali daromad olish mumkin emas.
Xo‘sh, sudxo‘rlik va foiz olish islomiy me’yorlar bilan taqiqlangan bo‘lsa, kompaniyalar islomiy sug‘urta uchun olgan pullarini sarmoya sifatida nimalarga sarflaydi?
«Islomda sarmoyani yo‘naltirish uchun ruxsat etilgan juda ko‘p sohalar mavjud. Sug‘urta kompaniyasi sug‘urta jamg‘armasining vaqtincha band bo‘lmagan pul vositalarini ko‘chmas mulk yoki boshqa ko‘rinishdagi mulkka sarflab, ijara haqi yoki lizing to‘lovlari orqali daromad olishi mumkin. Shuningdek, turli korxonalarning ustav kapitalini shakllantirishda ishtirok etishi, islom moliyashunosligi qoidalariga amal qilgan holda chiqarilgan aksiyalar yoxud qimmatli qog‘ozlar sotib olish mumkin. O‘zbekistonda hozirgi kunda bir nechta banklar islomiy darchalar ochgan bo‘lib, islomiy depozitlarga pul qabul qilinmoqda, o‘ylaymizki, tez orada banklarda islom moliyashunosligi talablariga mos ravishda sarmoya kiritishning boshqa usullari ham paydo bo‘ladi», — deydi GROSS sug‘urta kompaniyasi Boshqaruvi raisi Otabek Nazarov.
Islomiy sug‘urta qaysi sohalarda qo‘llanadi?
«Islomiy sug‘urtada sug‘urtalashning barcha asosiy turlarini amalga oshirish, ya’ni: ko‘chmas mulk, asbob-uskunalar, yuklar, avtomobillar, qurilish ishlari, tibbiy xarajatlar va hokazolarni sug‘urta qilish mumkin. Islomda taqiqlangan faoliyat turlari, masalan, tamaki yoki alkogol ishlab chiqarish va sotish, qimorxonalar ochish va qimor o‘yinlarini tashkillashtirish bilan bog‘liq har qanday narsa yoki jarayonni sug‘urta qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, islom moliyashunosligi qoidalariga zid shartlar asosidagi kreditlar, kafolat mablag‘larini sug‘urta qilish ham mumkin emas. Bundan tashqari, an’anaviy sug‘urtalashda amalda bo‘lganidek, chamalangan foydani sug‘urta qilishga ham ruxsat etilmaydi», — deya qayd etadi Assoodiq Consult kompaniyasining ekspertlar kengashi a’zosi Majid Komilov.
Takafulda ikkita asosiy yo‘nalish bor: umumiy va oilaviy. Umumiy sug‘urta doirasida turar-joy binosini sug‘urtalash, xonadon egasi yoki ijarachining ehtimoliy ziyonlarini qoplash, shuningdek avtomobil va mol-mulkni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash mumkin. Islom huquqshunoslari an’anaviy ko‘rinishdagi sug‘urtada sudxo‘rlik xavfi ehtimoli borligini aniqlaganini inobatga olgan holda, oilaviy takafulda shaxsiy sug‘urtalash amal qiladi. Hayotni sug‘urta qilish bo‘yicha zaxiralarga sarmoya kiritishdan keladigan foyda 100 foizdan ancha kam bo‘lgani uchun hayotni mablag‘lar jamg‘arib boriladigan tartibda sug‘urta qilishga ruxsat etiladi.
Oilaviy takafulda hayotni mablag‘lar jamg‘arib boriladigan tartibda sug‘urta qilish bilan bir qatorda ta’lim olish, salomatlikni sug‘urta qilish, chet elga ketayotganlar uchun tibbiy sug‘urta ochish hamda baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilishga ham takaful ajratiladi. Aslida takaful butkul islomiy sug‘urta turi bo‘lsa-da, islom asosiy din hisoblanmagan qator mamlakatlar: AQSH, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg va boshqalarda ham undan foydalaniladi. Eng yirik takaful-bozori Malayziyada bo‘lib, u yerda ayni vaqtda sakkizta takaful-operator rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Takaful etika qoidalariga ko‘proq bo‘ysunishi bilan musulmon bo‘lmaganlarda ham o‘ziga moyillik uyg‘otadi va ayrim holatlarda an’anaviy sug‘urtadan ko‘ra manfaatliroq sanaladi.
YANA O‘QING:
Takafulda sug‘urta holatini ko‘rib chiqish qanday kechadi?
«Xuddi an’anaviy sug‘urtada bo‘lgani kabi, takafulda ham sug‘urta kompaniyasi sug‘urta hodisasining tafsilotlari hamda sabablarini o‘rganadi, ziyonni hisob-kitob qiladi, va agar hodisa sug‘urta qoidalarida (sug‘urta shartnomasida) ko‘rsatilgan sug‘urta holatiga to‘g‘ri kelsa, sug‘urta shartnomasi shartlariga muvofiq to‘lanishi kerak bo‘lgan sug‘urta to‘lovi miqdorini hisoblab chiqaradi», — deydi Assoodiq Consult kompaniyasining ekspertlar kengashi a’zosi Majid Komilov.
O‘zbekistonda takaful-sug‘urta
Mamlakatda takaful tizimi bor va u ishlaydi, ammo u alohida tartibga solinmagan. Hozirda qonunchilikda qo‘shaloq sug‘urtalash nazarda tutilganligi bu tizimni amalda qo‘llashga imkon beradi.
«O‘zbekistonda sug‘urtaga oid barcha jarayonlar tartibga solingani kabi islomiy sug‘urta ham tartibga solinadi, lekin unga taalluqli alohida qonunchilik hujjatlari hozircha yo‘q. Islomiy sug‘urtani joriy etuvchi har bir sug‘urta kompaniyasi, uning to‘g‘ri yuritilishi va diniy talablarga javob berishi uchun mas’ul hisoblanadi. Islomiy sug‘urtani amalga oshirishga oid xalqaro standartlar mavjud bo‘lib, ular yuqori obro‘-maqomga ega bo‘lgan, mashhur mutaxassislardan iborat kengashlar tomonidan tasdiqlangan. Islomiy sug‘urtani joriy etuvchi ko‘plab sug‘urta kompaniyalari bu standartlarga amal qiladi. Mazkur standartlarga muvofiq, islomiy sug‘urtani amalga oshiruvchi sug‘urta kompaniyalarida kompaniya faoliyatida Shariat qoidalariga rioya etilishini kuzatib boruvchi islom moliyashunosligi sohasi mutaxassislaridan iborat shar’iy kengash tuzilishi lozim», — deydi Assoodiq Consult kompaniyasining ekspertlar kengashi a’zosi Majid Komilov.
ㅤ
«2024-yilning bahorida GROSS birinchilardan bo‘lib, takaful tamoyili bo‘yicha sug‘urta xizmatini bozorga olib kirdi va uni boshqarish uchun «Vakala» modelini tanladi. Vakala so‘zi arab tilidan «ishonchnoma» deb tarjima qilinadi. Bu modelga ko‘ra, sug‘urta zaxirasi ishtirokchilarning ixtiyoriy badallari hisobidan shakllantiriladi, zaxira mablag‘lari esa ziyon ko‘rgan ehtiyojmand kishilarning zararini qoplashga sarflanadi. Yozga chiqiboq biz bu yo‘nalishdagi sug‘urta turlari sonini 19 taga yetkazdik: bunda transport vositalari, maxsus texnika, mol-mulk, yuklar hamda insonlarning salomatligini himoyalash kabi sohalar qamrab olingan. Biz sug‘urta xizmatining barcha uchun, jumladan, diniy e’tiqodiga ko‘ra an’anaviy sug‘urta xizmatlarini tanlash borasida cheklanishlarga duch kelgan kishilar uchun ham ochiq va imkon darajasida bo‘lishini ta’minlashga intilyapmiz. Bizda mavjud barcha takaful-xizmatlar O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan ma’qullangan bo‘lib, bu ularning islom ahkomlariga mos ekanini tasdiqlaydi», — deydi GROSS sug‘urta kompaniyasi Hududlar bilan ishlash departamenti direktori Sanjar Berdiyev.
Takaful tamoyillari va mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasini 2025-yil 1-yanvargacha ko‘rib chiqish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan.