Panjara ortida: O‘zbekistondagi qamoqxonalar qanday ishlaydi?
Qamoqxona — bu faqat bir holatdagina oson tushib qolish mumkin bo‘lgan joy. Boshqa barcha holatlarda yopiq “axloq tuzatish” muassasasida hayot aslida qanday ekanligini bilish qiyin.
Qamoqqa hukm qil(in)ishning mohiyati nima, mahkumlar huquq va majburiyatlari qanday, ular qay holatda ozodlikka chiqadilar va zamonaviy jamiyatda qamoqxona oʻzi kerakmi – chuqurroq oʻrganib chiqamiz.
Qamoqqa ol(in)ish jarayoni va qamoqxonalar tuzilishi
Qamoqxonaga darhol tushib qolmaydilar, qo‘lga olingandan so‘ng shaxs tergov hibsxonasiga (izolyatorga) jo‘natiladi, u yerda sud qarorigacha saqlanadi. Ushbu holatda u hali aybdor sanalmaydi, rasmiy til bilan aytganda, “hibsga olingan” hisoblanadi, “ozodlikdan mahrum etilgan” emas.
Tergov hibsxonasidagi sharoitlar, fuqaro holatidan qatʼiy nazar, koloniyadagidan ham yomonroq bo‘lishi mumkin. Bu yerda faqat ikki soat davomida ikki nafar voyaga yetgan qarindosh bilan bir marta uchrashishga ruxsat beriladi. Ular, o‘z navbatida, bir banderol hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 12 kg gacha bo‘lgan ikki joʻnatmalarni yuborishlari mumkin. Sud qarorini uzoq muddat davomida kutishga toʻgʻri kelishi mumkinligi sababli bunday cheklovlar oʻta ahamiyatli.
Hibsxona ichida, kutilgan punktlardan, masalan, aloqa vositalari, qurol va boshqalardan tashqari, o‘yin kartalari, sport jihozlari va uyda tayyorlangan ovqatlar taqiqlangan. Agar hibsxonada bunday imkoniyat yaratilgan boʻlsa ham ishlash mumkin, ammo mehnat haqi boshqa axloq tuzatish muassasalaridan pastroq bo‘ladi.
Qamoqxona va koloniyaga qimmatli narsalarni yuborish taqiqlanadi: jo‘natmalar oziq-ovqat, tamaki, gigiyena buyumlari bilan cheklanadi. Sport jihozlari, kitoblar, va baʼzan ko‘ngilochar tadbirlar, agar koloniyalarda nazarda tutilgan bo‘lsa, maʼmuriyat tomonidan tashkillashtiriladi.
Hukm o‘qilgandan so‘ng, mahkum hibsxonada yana o‘n kun qolishi mumkin, so‘ngra uni qamoqxonaga yoki koloniyaga o‘tkazishadi. Oʻsha bosqichga qadar mahkum bir marta qisqa muddatli uchrashuv va o‘z hisobidan 15 daqiqali bir telefon suhbati huquqiga ega.
Jazoni ijro etish muassasalari va mahkumlarni axloqan tuzatish usullari
Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq, davlat mahkumni axloqan tuzatish vositalari sifatida quyidagilarni ko‘rib chiqadi: “jazoni ijro etish va oʻtashning belgilangan tartibi (rejimi), ijtimoiy-foydali mehnat, tarbiyaviy ish, umumiy va hunar taʼlimi, kasb tayyorgarligi va jamoat taʼsiri”. Ijtimoiy-foydali mehnat uchun haq to‘lanadi, mahkumlar bunga haqlidir, ammo mablag‘lar kamligi sababli, ko‘plab mahkumlar koloniya hududidagi do‘konlardan biror narsa sotib olishdan koʻra, “ozodlikka” chiqish uchun pul yig‘ishga harakat qiladilar.
O‘zbekistondagi mahkumlar mehnati ko‘lamini ilk bora O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov 2020-yil aprel oyida jamoatchilikka taqdim etgan. U O‘zbekiston qamoqxonalarida 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani va ishlab chiqarish korxonalariga taxminan 80% mahbuslar jalb qilinganini tasdiqlagan.
Qamoqdan ozod etilgan shaxs “qonunlarga itoatkor xulq-atvor, odamlar, jamiyat, mehnat, normalar va an’analarga hurmat”ni shakllantirgan boʻlishi kerak. Bu sifatlar mahkumga quyidagi joylarda singdirilishi koʻzda tutilgan.
Manzil-koloniyalar
Bu yerga uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etganlar yoki og‘ir jinoyatlarga hukm qilinganlardan jazo muddatining uchdan bir qismini, o‘ta og‘ir jinoyatlarga hukm qilinganlardan esa jazo muddatining yarmini o‘tab bo‘lganlar tushadi. Manzil-koloniyada sharoitlar unchalik qattiq emas: kuzatuvchilar yo‘q, faqat umumiy nazorat bor, koloniya ichida harakatlanish, telefon qo‘ng‘iroqlari, xatlar va qisqa muddatli uchrashuvlarga cheklovlar yo‘q, uzoq muddatli uchrashuvlar soni — 24 gacha.
Shuningdek, bu yerda mahbuslar maxsus qamoq kiyimlarini kiyishmaydi, ular oddiy kiyimlarni kiyishlari mumkin. Pul va qimmatbaho narsalarni saqlashga, o‘zlari xarid qilgan mahsulotlardan o‘zlariga ovqat tayyorlashlariga ruxsat berilgan. Manzil-koloniyada besh kishiga moʻljallangan umumiy karavotli kamera-xonalar yo’q, mahbuslar maxsus xonalarda yashaydilar. Mahbuslar koloniya maʼmuriyati bilan shartnoma tuzgan korxonalarda ishlashlari hamda universitetlarda sirtqi taʼlimda oʻqishlari mumkin.
Umumiy tartibli koloniya
Ilk marotaba bu yerga og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga hukm qilinganlar yoki unchalik qattiq boʻlmagan sharoitlardan maʼlum bir xatti-harakatlari sababli ko‘chirilganlar tushadi. Umumiy tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etilishdan tashqari sezilarli cheklovlar: mahbuslarni kuzatib turuvchi soqchilar, umumiy xona mavjud boʻlib, pul faqat oʻta zarur narsalar uchun va baʼzi mahsulotlar uchun sarflanishi mumkin. Shu bilan birga, ishlatilishi mumkin bo‘lgan summa minimal mehnat haqining faqat 70%ini tashkil etadi.
Uchrashuvlar soni ham qatʼiy cheklangan: oltita qisqa va oltita uzoq muddatli uchrashuv, o‘n ikkita telefon suhbati, bunda advokatlar bilan uchrashuvlar hech bir muassasada umumiy uchrashuvlar soniga qoʻshilmaydi. Shuningdek, oʻn ikkita shaxsiy joʻnatmalar va shuncha banderollar ruxsat etilgan, koloniya hududida harakatlanish cheklanmagan.
Mahbuslar ishlashi va o‘z mehnati uchun pul olishi mumkin, soʻnggi qonunchilikka kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, ish vaqti umumiy mehnat stajiga qoʻshiladi. Koloniya ichidagi oshxonada, kir yuvish xonasida ishlash, hududni tozalash va hk. mumkin, yoki shartnoma asosida tegishli ishlab chiqarish korxonalarida ham mehnat qilish mumkin.
Qattiq va maxsus tartibli koloniya
Bunday koloniyaga sud qarori bilan yoki bundan ogʻirroq sharoitlardan rag‘batlantirish sifatida, va aksincha, yengilroq sharoitlardan jazo sifatida yo‘llanadilar. Bu yerda bir yil davomida beshta qisqa va shuncha uzoq muddatli uchrashuvlar, sakkizta telefon suhbati, sakkizta joʻnatmalar va shuncha banderollar ruxsat etilgan.
Umumiy tartibli koloniyalarga qaraganda, qattiq tartibli koloniyada ruxsat etilgan pul sarflash me’yori minimal mehnat haqining 52%iga, maxsus tartiblida esa 35%iga tushiriladi.
Maxsus tartibli koloniyalarda umrbod muddatga hukm qilinganlar jazo o‘taydilar. Ularning qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlari soni yiliga to‘rttagacha cheklangan, telefon suhbatlari oltita, joʻnatmalar va banderollar ham shunchani tashkil etadi.
Turmalar
Eng qattiq sharoitlarga ega bo‘lgan joy. Bu yerga, sud qarori bilan bir qatorda, koloniyalardan “ashaddiy tartibbuzarlar” ham yuboriladi.
Turmada mahbuslar faqat kamerada qoladilar; bu kamera to‘rt devor, besh karavot va shu xonada joylashgan hojatxonadan iborat, xohishga ko‘ra oddiy qoʻlbola toʻsiqlar (pardevor) bilan ajratilgan boʻlishi mumkin. Biroq tartibni buzganlar yanada izolyatsiyalangan joyga — yakka kameraga yuborilishi mumkin.
Harakatlar bu yerda qattiq cheklangan: kuniga bir soatgina katta, yuqori qismi ochiq boʻlgan kamerada “sayr qilishga” ruxsat beriladi. Namunali xulq uchun yana bir soat toza havoda sayr qilish imkoniyatini qo‘lga kiritish mumkin.
Xarajatlar minimal ish haqining 26%igacha kamaytirilgan, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar soni to‘rttagacha cheklangan, shuningdek telefon suhbatlari, joʻnatmalar va posilkalar soni ham shunchani tashkil etadi.
Jazoni oʻtash muassasalarida bolalar va ayollar
Voyaga yetmagan mahbuslar tarbiya koloniyalarida jazo o‘taydilar. Bu yerdagi bolalar maktab taʼlimini oladilar, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin, kitoblarni istalgancha mutolaa qilishlari uchun imkoniyat bor, bundan tashqari, ular bilan psixolog ishlaydi. Deyarli barcha xonalarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali har bir o‘smirning xatti-harakati nazorat qilinadi.
Tarbiya koloniyalarida, umumiy maktab taʼlimidan tashqari, kompyuter bilan ishlash, santexnika va “B” kategoriyali haydovchilik kurslari singari turli xil mutaxassisliklar bo‘yicha texnik taʼlim olish imkoniyati mavjud.
Ayollar koloniyada erkaklar bilan bir qatorda jazo o‘taydilar, barcha imtiyozlar bolalar va homilador ayollarga taqdim etiladi. Manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan ayollar farzandlari bilan cheksiz marotaba uchrashishlari mumkin, qolganlar bilan esa to‘rtta uzoq muddatli uchrashuvlar qo‘shimcha tarzda taqdim etiladi. Shuningdek, “axloqan tuzalayotgan”, “oʻzini isloh etayotgan” ayollar voyaga yetmagan bolalari bilan koloniya hududidan tashqarida, maʼmuriyat nazorati ostida hibsda saqlanishlari mumkin.
Davosi yoʻq dard bilan kasallanganlar va sil kasalligiga chalinganlar hammadan ayro tarzda saqlanishadi. Ular uchun maxsus “sanitar zonalar” mavjud.
“Qizil” va “qora” koloniyalar
Axloq tuzatish muassasalarida o‘ziga xos tartiblar hukmron, bu ikki rang ularning hokimiyat darajasini bildiradi. “Qizil” koloniya maʼmuriyat nazorati ostida bo‘lib, bu yerda mahbuslar qamoq xodimlariga bo‘ysunishadi. “Qora” koloniya esa jinoyatchi-avtoritetlar taʼsirida bo‘ladi, ko‘plari bu yerga 90-yillarda tushib qolgan boʻlib, o‘z qoidalari va tartiblarini o‘rnatib boʻlishgan boʻladi. Odatda, qattiq tartibli koloniyalar “qora” koloniyalar hisoblanib, bu yerda xavfli retsidivistlar (qayta jinoyatga qoʻl urganlar) va xavfli huquqbuzarlar saqlanadi.
Zonada qaysi kuch hukmronligidan qat’i nazar, turma dialekti yoki jargon barcha muassasalarda bor, yana “lomka” kabi an’anaviy odatlar ham mavjud. Yangi kelganlarning ishonchli ekanligini sinash maqsadida yoki ularning muassasadagi tartiblardan xabarlari bor-yoʻqligini bilish maqsadida kameradoshlar turli xil vazifalar berib koʻrishadi. Notoʻg‘ri javob yoki xatti-harakat salbiy munosabatga sabab bo‘lib, qamoqxonadagi kasta tizimining pastroq darajasiga tushib qolishga olib keladi.
Tarbiya koloniyalarida ham qamoqxonalarga xos boʻlgan barcha odatlar haqida bilishadi va ularni o‘zlashtirishga urinishadi, maʼmuriyat esa, oʻz navbatida, buni oldini olishga harakat qiladi, o‘smirlarni ular sodir etgan jinoyatlar boʻyicha ajratmaydi.
Mahkumlar huquqlari kim tomonidan himoya qilinadi?
Mahkumlar majburiyatlariga faqat itoatkor boʻlish va tartiblarga rioya qilish kirsa-da, ularning huquqlari doirasi ancha keng. Avvalo, mahkumlar o‘z huquqlari haqida xabardor bo‘lish huquqiga ega, shuningdek, advokat yordami yoki mustaqil ravishda, shikoyat va murojaatlar orqali o‘zlarini himoya qilishlari mumkin; bu jarayonlar “ozodlikda”gi shaxslar bilan maktub almashinuvini ham o‘z ichiga oladi.
Mahkumlar nikoh tuzishlari yoki bekor qilishlari, fuqarolik-huquqiy bitimlarda qatnashishlari mumkin, sifatli mehnat sharoitlari va munosib haq to‘lanishiga haqlidirlar, davolanish, ovqatlanish va psixologik yordam olish kabi huquqlarga ham ega. Uncha og‘ir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar prezident, Oliy Majlis deputatlari, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlari saylovlari, shuningdek, referendumlarda ovoz berish huquqiga ega; bu huquq faqat sud qarori bilan bekor qilinishi mumkin.
Mahkumlar ovoz berish huquqini yaqinda, 2019-yilda qo‘lga kiritdilar. O‘zbekistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova bu qarorni Yangi O‘zbekistonning eng muhim islohotlaridan biri deb ataydi: “Ushbu o‘zgarishlarning zamirida esa fuqarolarning o‘z xalqi va vatani kelajagiga daxldorlik hissini uyg‘otish kabi maqsadlar namoyon.”
Koloniyalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar vakillari, xorijiy kuzatuvchilar, Qonunchilik palatasining deputatlari, mahalliy kengashlar, o‘z-o‘zini boshqarish organlari va OAV vakillari ishtirok eta olishadi. Koloniya maʼmuriyati nomzodlar va ularning vakillari uchun siyosiy targ‘ibot o‘tkazishlariga sharoitlarni yaratishga, saylovda ovoz berish maxfiyligini saqlashga va boshqa saylov uchastkalarida bo‘lgani kabi barcha ichki qoidalarga rioya qilishga majbur.
Mahkumlarning vijdon erkinligi kafolatlanadi, umuman olganda, ular har qanday diniy amallarni bajarishlari yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmasliklari mumkin. Amalda esa, turma va koloniyalarda dindorlar oʻz e’tiqodlariga ko‘ra bosimlarga duch kelishadi, ibodat qilish esa cheklangan.
2021-yilgi AQSh komissiyasi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy va siyosiy mahbuslar soni 2000 dan oshgan. Hujjatda qayd etilishicha, qamoqqa hukm qilinishning asosiy sabablaridan “Hizb ut-Tahrir” guruhiga mansublik eng koʻp holat sanalib, ushbu holat yuzasidan ayblanganlar soni umumiy mahbuslar sonining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.
Inson huquqlari milliy markazining so‘nggi maʼlumotlariga ko‘ra, diniy asoslarga ko‘ra hibsga olingan 20 mingdan ortiq fuqarolar ro‘yxatdan chiqarilgan. Zero, ular “bilmasdan” ekstremistik tashkilotlarga qo‘shilib qolib, endilikda “chin dildan pushaymon”, ammo bu asl jinoyat bor-yoʻqligi masalasiga yechim emas.
Komissiya tomonidan taʼkidlanishicha, Karimov davridagidan asosiy farq – bu JIEBB (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi – endilikda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED))ning diniy va siyosiy mahbuslarni birlashtirish, integratsiya qilishga bo‘lgan intilishi. Ilgari ularni to‘liq izolyatsiyada saqlashga harakat qilishgan. Endilikda esa ular qattiq sharoitli yopiq turdagi qamoqxonalardan olib chiqilib, nisbatan yengil sharoitdagi manzil-koloniyalarga ko‘chirilgan.
Shuningdek, mahkumlar huquqlari orasida qamoqxonadagi xodimlar tomonidan izzat qilinish va shaxsiy xavfsizlik huquqlari ham bor. Ammo “jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish” maqsadida, agar xodim boshqa yo‘l bilan tartib o‘rnatish mumkin emas, deb hisoblasa, mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi. Biroq bu yerda haddan oshib ketish oson, chunki maʼmuriyatning shaxsiy qarorlarini nazoratga olish va tizimlashtirish mushkul. Bundan tashqari, “tartib o‘rnatish” uchun zo‘ravonlikdan foydalanish va bu usul bilan muammolarni hal qilishga ruxsat berilishi mahkumning xavfsizligi va salomatligidan ustun qo‘yiladi — oqibatda, bu axloq tuzatish emas, balki bosim oʻtkazish vositasiga aylanadi.
Bunday tizimning jihati – qiynoqlar; operativ xodimlar jinoyatga iqror qildirishga / tan oldirishga erishish yoki iqror qildiruvchi koʻrsatmalarni ko‘paytirish maqsadida qiynoqlardan foydalanishadi. O‘zbekistonda qiynoqlarni bartaraf etish tegishli qo‘mita va ombudsmanning vazifalari boʻlishiga qaramasdan, mustaqil huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bu masala bilan samaraliroq shugʻullanishadi.
“Ezgulik” huquqni himoya qiluvchi jamiyati kuch ishlatar tizimlar tomonidan hibs vaqtida yoki jazoni oʻtash davrida qoʻllangan qiynoqlar haqida hisobot berib borishadi. Faollar, shuningdek, rasmiy bayonotlarni muntazam ravishda tanqid ostiga olishadi.
Hozircha ombudsman va huquqni himoya qiluvchilar birgalikda samarali ishlash imkoniyatiga ega emaslar: Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli komissiyaning maʼlumotlarini faollar maʼlumotlari bilan solishtirganda, undagi sonlar ancha pasaytirilganligi taʼkidlangan. Faollar tomonidan keltirilgan faktlar esa, o‘z navbatida, ombudsman tomonidan “mahkumlar shaʼnini kamsituvchi maʼlumotlarni tarqatish” sifatida tanqid qilinadi.
Qamoqxona (turma) tizimining samarasi
World Prison Briefning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda jazo o‘tayotganlar soni 29 ming kishini tashkil etadi, bu esa har 100 ming o‘zbekistonlikdan 85 mahbus demakdir. Yillar davomida bu raqam oshib bormoqda, lekin qaysi jinoyatlar ko‘proq sodir etilayotgani va qaysilari kamayayotganini aniqlash qiyin — Ichki ishlar vazirligi bu kabi maʼlumotlarni oshkor qilishdan hanuz qochmoqda.
Penitentsiar tizimi (penitentsiar — lotincha “penitentiarius” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “tavba qiluvchi” maʼnosini anglatadi va asosan axloq tuzatish muassasalari yoki qamoqxonalarga nisbatan ishlatiladi – tahririyat izohi) hozirgi koʻrinishida samaralimi yoki eskirib boʻlganmi?
Koloniyalarda jinoyatchilar bir-biri bilan muloqot qilib, tajriba almashadilar va yangi jinoiy guruhlar tashkil etadilar. Bu qamoqxona subkulturasi (submadaniyati) rivojlanishiga olib keladi, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning bu madaniyatga qo‘shilishi xavfi yuqori. Yoshlar ko‘pincha qayta jinoyat sodir etishga moyil bo‘lib qoladilar.
O‘zbekistonning Jinoyat-ijroiya kodeksi Sovet davridan “mahbuslarni mehnat orqali qayta tarbiyalash” uslubini meros qilib olgan. Sovetlarning mafkurasi mehnatga ishchi sinfning ajralmas qismi sifatida alohida urgʻu bergan. O‘sha davrlarda nafaqat kundalik hayotda, balki jazoni oʻtash muassasalarida ham “tekinxoʻrlikka” qarshi kurashilgan, davlat tomonidan belgilangan vazifalar mahbuslar mehnati yordamida bajariladigan koloniyalar paydo bo‘lgan.
Shunday qilib, ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi asosiy axloq tuzatish elementlari — qiynoqlar va majburiy mehnatdir. Qamoqxona muhitining boshqa xususiyatlari shaxsning deformatsiyasiga (shaxs buzilishiga) olib keladi: qamoqda tanlash erkinligi va shaxsiy hudud tushunchasi yo‘qoladi, mahbuslar esa bugun-erta qaytishlari mumkin boʻlgan jamiyat tomonidan stigmatizatsiya qilinadi (stigmatizatsiya — salbiy tamg‘alar qo‘yish, bu ijtimoiy diskriminatsiya va izolyatsiyaga olib keladi – tahririyat izohi)
Inson psixikasi eng shafqatsiz sharoitlarga ham moslashishga intiladi. Qamoq yoki koloniyada omon qolishga yordam bergan moslashuv jarayonidan so‘ng, erkinlikda bu jarayon aniq aks taʼsir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bu yakka kamerada saqlanadigan mahbuslarga taalluqli; bu turdagi ozodlikdan mahrum qilinish, g‘azabning eng yuqori darajasiga, ruhiy kasalliklarga va o‘z joniga qasd qilish holatlarigacha olib keladi.
Real hayotdan uzoqlashgan holda, mahbuslar o‘z nizomi va qoidalariga ega boʻlgan qamoq submadaniyatiga qorishib ketadilar, bu yerda hamma “o‘zimizniki” va bir xil sharoitda, “bizni” rad etgan jamiyatga qayta integratsiyalashuv, qaytish zarurati esa yo‘qoladi. Qamoq tizimini tanqid qilishning ijtimoiy sabablari bilan bir qatorda, moliyaviy sabablari ham bor: turmalar davlat uchun ancha qimmatga tushadi.
Dunyo hamjamiyati qamoqqa muqobil bo‘lgan yechimlar ustida hali bosh qotirmoqda. Mazkur tashabbusni amalga oshirish uchun “Qamoqqa hukm qilinish bilan bog‘liq bo‘lmagan choralarga oid BMTning minimal standart qoidalari” hujjati asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu hujjat “Tokio qoidalari” sifatida ham tanilgan bo’lib, 1990-yilda ishlab chiqilgan.
Ushbu qoidalarga ko’ra, qamoqning muqobil varianti:
• Mahbuslar sonini kamaytirishga qaratilgan bo’lishi;
• Huquqbuzarlarning ehtiyojlarini qondirishi;
• Foydali bo’lishi (oʻz-oʻzini oqlashi);
• Jamiyatda jinoyatchilikni kamaytirishga koʻmaklashishi;
• Jinoyat sodir etganlarning huquqlarini kafolatlashi kerak.ㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤ
Hozircha hech qaysi modifikatsiyalangan (oʻzgartirilgan) qamoq tizimi amalda joriy etilmagan. Bu oʻxshaydimi va butunlay yangi tizimni yaratish imkoni bormi yoki yoʻq – buni vaqt ko’rsatadi.